Toshkentda 1 iyuldan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etiladi

11:00 20 Iyun 2018 Jamiyat
354 0
Foto: uzbekistan24.uz

Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi.

“Huquqiy axborot” kanali bergan ma’lumotga ko‘ra, Qarorga muvofiq 2018 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimiga quyidagilarni nazarda tutadigan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi eksperiment tariqasida joriy etiladi:

soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimini tashkil etish;

ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari, ma’muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari xodimlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat faoliyatini to‘liq amalga oshirish, keyinchalik sutkaning kunduzgi vaqtida o‘n olti soat davomida ularni bevosita xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish;

huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularga chek qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlari bo‘linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga maksimal tezkorlik bilan yetib borishini ta’minlash.

Toshkent shahrining har bir mahallasida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari tuziladi.

Ushbu guruhlar tarkibi:

muddatli harbiy xizmatni o‘tash niyatida mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limiga murojaat qilgan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar;

respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan nomzodlar;

ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar orasidan shakllantiriladi.

Jamoatchilik guruhlarining har bir a’zosi sutkaning kechki va tungi vaqtida belgilangan yo‘nalish bo‘yicha umumiy 100 soatdan kam bo‘lmagan vaqt miqdorida patrullik qilishga jalb etiladi va bu xizmatga (o‘qishga) hujjatlarni yakuniy qabul qilishga asos hisoblanadi.

O‘zining mahallasida huquq tartibotni ta’minlashda faol qatnashgan jamoatchilik guruhi a’zolariga profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari bilan birgalikda xizmatga (o‘qishga) tanlov o‘tkazishda inobatga olinadigan tavsiyanomalar berilishi mumkin.

2018 yil 1 avgustdan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga har oylik ish yakuni bo‘yicha patrullik hududida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yganligi, ularni aniqlaganligi yoki fosh etganligi, shuningdek, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlaganligi uchun lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti beriladi.

Qaror bilan Bosh prokuratura Oliy sud va Ichki ishlar vazirligiga ikki oy muddatda o‘qishga, ishga kirishda yoki boshqa hollarda sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganligi olib tashlangan shaxslarning sudlanganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib qo‘yish amaliyotiga barham berish vazifasi yuklandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?