Toshkent viloyatida yoshlarga 152,5 gektar yer ajratib berildi

18:40 22 Aprel 2020 Jamiyat
622 0

“Xalq so`zi ONLINE”

Toshkent viloyatida yoshlarning bandligini taʼminlash maqsadida turli loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. 

Xususan, Boʻka tumanida “Har bir yoshga — bir gektar“ loyihasi doirasida “Boʻka“ mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi boʻsh turgan jami 77,6 gektar yer ishsiz 160 nafar yigit-qizlar va 40 ta ehtiyojmand yosh oilaga ajratib berildi. Ularning har biri 2 nafardan yoshni ishga jalb qilishi natijasida 250 nafar yigit-qizning bandligi taʼminlandi.

Loyiha yoshlar bandligini taʼminlashda va yerdan unumli foydalanib daromad olishiga xizmat qiladi. Ayni paytda dalada ish qizgʻin boʻlib, koʻzlarida ertangi kunga ishonch aks etgan yigit-qizlarning faolligini koʻrish mumkin. Berilgan imkoniyatdan samarali foydalanib, daromad olish maqsadida turli sabzavot koʻchatlari va urugʻlarini yerga qadashmoqda.

Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, bungacha Toshkent, Ohangaron va Parkent tumanlarida ham “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi doirasida ishsiz yurgan yigit-qizlarning har biriga suvli maydonlardan 20 sotixdan bir gektargacha yer ajratib berilgan edi. Ularga mevali daraxt koʻchatlarini ekishga zarur texnikalar bilan yordam berilyapti. Umuman hozirgacha joylarda 315 nafar yoshga 152,5 gektar yer berildi.

Toshkent tumanidagi “Chuvalachi” hududidagi fermer xoʻjaliklari tomonidan 5 nafar yigit-qizga sugʻoriladigan yerlardan jami 2,5 gektar yer ajratib berildi.

Umuman keyingi paytda Toshkent viloyatida yoshlar bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. Ayniqsa, 18-30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlarning bandligini taʼminlash maqsadida qator loyihalar hayotga joriy etildi. Masalan, yoshlar asosan agroklasterlar, baliqchilik, asalarichilik, parrandachilik, tomorqachilik, xususan, issiqxona xoʻjaliklariga ishga joylashtirilyapti.

“Har bir yoshga — bir gektar” loyihasi, “Yoshlar kelajagimiz” va “Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturlari, mehnat yarmarkalari samarasida 21 ming 298 nafar yigit-qizning bandligini taʼminlash chora-tadbirlari koʻrilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?