Toshkent viloyatida sobiq xotinini oʻldirish uchun 1500 dollar vaʼda qilib, qotillikka odam yollagan shaxs ushlandi

16:30 01 Mart 2019 Jamiyat
343 0

Illyustrativ foto

Toshkent viloyatida sobiq turmush oʻrtogʻini oʻldirish uchun 1500 AQSH dollar vaʼda qilib, qotillikka odam yollagan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda qayd etilishicha, 2019 yil 11 fevral kuni Toshkent viloyati IIBga Chirchiq shahrida yashovchi 1970 yilda tugʻilgan fuqaro B.Yu. ariza bilan murojaat qilgan. U tanishi, Qibray tumanida yashovchi, 1981 yilda tugʻilgan D.A. sobiq turmush oʻrtogʻi, 1979 yilda tugʻilgan Sh.M.ni oʻldirishi haqida topshiriq berib, evaziga unga 1500 AQSH dollari miqdoridagi pullarni vaʼda qilayotganligini maʼlum qiladi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, 2019 yilning 13 fevral kuni Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazilib, buyurtmachi D.A. uchun sobiq turmush oʻrtogʻi Sh.M. oʻldirilganligi, qotillik jinoyati B.Yu. tomonidan sodir etilganligi sahnalashtirilib, dalil sifatida foto suratlar hamda sobiq turmush oʻrtogʻiga tegishli ayollar sumkasi beriladi.

Shundan soʻng buyurtmachi D.A. ishni bitirganligi uchun B.Yu.ga kelishilgan puldan 400.000 soʻmni berayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qoʻlga olingan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan fuqaro D.A.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 25/97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?