Toshkent viloyatida qonunlarga bepisand “uddaburon tadbirkorlar” aniqlandi

12:37 23 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
873 0
Foto: DSQ

Samarali va raqobatdosh soliq tizimini yaratish, byudjetga turli darajadagi qoʻshimcha soliq tushumlari kelishi barqarorligini taʼminlash bugungi kunda yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 2 avgustidagi “Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan soliq va bojxona islohotlarini huquqiy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida Toshkent viloyatida ham viloyat hokimligi, viloyat prokuraturasi, viloyat soliq boshqarmasining “Soliq islohotlarini amalga oshirish va byudjetga qoʻshimcha daromadlar zaxiralarini aniqlashga oid tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori imzolangan.

Qaror ijrosini taʼminlashda Toshkent viloyati prokuraturasi hamda davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi xodimlari tomonidan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Maqsad – byudjetga qoʻshimcha daromad zaxiralari manbalarini aniqlash.

Mamlakatimizda tadbirkorlarga shuncha sharoitu imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramasdan hanuzgacha noqonuniy savdo, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanib kelayotgan fuqarolar uchramoqda, deyiladi Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotda.

Toshkent tumanidagi Uchqahramon savdo majmuasi hududida oʻtkazilgan profilaktik nazorat tadbirida fuqaro Mamayusuf Ashurov 11A/B-sonli doʻkonda bemalol savdo qilayotganiga duch keldik. Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Na savdo faoliyatiga ruxsat beruvchi patenti, na mahsulotlarining hujjati boʻlgan bu shaxsga savdo majmuasi rahbariyati tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qaroriga zid ravishda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun sharoit yaratib berganini qanday tushunish mumkin.

Foto: DSQ

Davlat qonunlariga bepisandlik bilan qarash tufayli tumanning “Choshtepa” koʻchasida ham qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Shundoqqina serqatnov yoʻl boʻyida avtomobil ehtiyot qismlari savdosini yoʻlga qoʻygan fuqaro Odil Muxsimov davlat soliq xodimlari tomonidan rasmiy ogohlantirish xati olganiga qaramay, yana qonunni buzib tursa-ya. Yoxud qonundan ustunman deguvchi oʻziga ishongan orqa togʻlari bormikan uning.

Soliqlar taraqqiyotimiz tayanchi, bunga shubha yoʻq. Ammo soliq toʻlamay, taraqqiyotimiz rivojiga bilib-bilmay bolta urayotgan qoʻshtirnoq ichidagi tadbirkorlar, afsuski, uchrab turibdi. Nazorat tadbirlarida zamonaviy dastgohlar yordamida bejirim poyafzallar ishlab chiqarayotgan Zangiota tumani, Eshonguzar qoʻrgʻonidagi fuqaro Vaxob Fayziyevga faoliyatini qonuniy yuritganida edi, unga hozir tahsinlar aytayotgan boʻlarmidik...

Soliq xizmati xodimlari oʻz faoliyatini rasmiylashtirmagan 4 yigitga mehnat stajining pensiyaga chiqishdagi afzalliklari, “konvert” usulida oylik maosh olish jinoyat ekanligi hamda qonuniy tadbirkorlik uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani batafsil tushuntirildi.

Profilaktik nazorat tadbirlari davomida Eshonguzar mahalla yigʻini hududida fuqaro Shohsanam Odilova tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarining noqonuniy savdosi yoʻlga qoʻyilgani ham maʼlum boʻldi.

Xulosa qilib aytganda, soliq xizmati organlari tomonidan olib borilayotgan profilaktik nazorat tadbirlari soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida koʻzda tutilgan ustuvor vazifalarni sifatli bajarishda muhim qadam boʻlmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?