Toshkent viloyatida paxta terimi uchun pensionerlardan pul yigʻib olingani aniqlandi

16:43 17 Sentyabr 2018 Jamiyat
1000 0

Toshkent viloyatida 2018 yilgi paxta terimi mavsumi uchun nafaqaxoʻrlardan maʼlum miqdordagi pullar ushlab qolingani aniqlandi va surishtiruvlar natijasida ushbu pullar egalariga qaytarildi.

Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev telegramdagi kanalida maʼlum qilishicha, majburiy mehnatga qarshi kurashish maqsadida jamoatchilik nazorati loyihasi sifatida tashkil etilgan maxsus botga (@paxta2018_bot) Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida pensionerlarning pensiyasidan paxta uchun pul ushlab qolishganligi haqida murojaat yoʻllangan.

Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ushbu murojaat oʻrganib chiqilgan.

“Yangiyoʻl shahar hududidagi 15ta mahallada nafaqa oluvchi fuqarolardan noqonuniy ravishda paxta yigʻim terimi uchun pul mablagʻlari yigʻilayotgani holati aniqlanmadi. Biroq oʻrganishda Yangiyoʻl shahar, “Yangibogʻ” M.F.Y. raisi A.R. va masʼul kotibi X.B. tomonidan paxta terimi uchun nafaqa oluvchi fuqarolardan pul mablagʻlari yigʻilgani maʼlum boʻldi.

Jumladan, murojaatda keltirilgan vajlarni tekshirish davomida “Yangibogʻ” M.F.Y. raisi A.R.ning paxta yigʻim terimiga vodiydan jalb qilingan terimchilar uchun mahallaning har bir xonadondan 25 ming soʻmdan pul yigʻish toʻgʻrisidagi topshirigʻiga asosan M.F.Y. masʼul kotibasi X.B. nafaqa tarqatilishi vaqtida nafaqaxoʻrlardan 25 ming soʻmdan pul yigʻilgani va uyiga olib borib qoʻygani aniqlangan.

X.B. tomonidan nafaqaxoʻrlardan paxta yigʻim terimi uchun yigʻilgan jami 1.586.000 soʻm naqd pullar va pul bergan nafaqaxoʻrlar roʻyxati tuzilgan daftar taqdim etildi.

Ushbu daftar koʻzdan kechirilganda jami 71 nafar fuqarodan 1.470.000 soʻm yigʻilgani haqida maʼlumotlar borligi aniqlandi.

Mazkur mahalla fuqarolar yigʻinidagi 71 nafar fuqaroning 54 nafaridan tushuntirish xati olinganda, ularning 33 nafari oʻz xohishi bilan pul berganini tasdiqlagan.

Bundan tashqari, oʻrganish davomida Yangiyoʻl shahar “Mahalla xayriya jamoat fondi” raisi A.A. 2018 yil paxta yigʻim terimi uchun 15ta M.F.Y. raislari bilan oʻtkazilgan yigʻilishda Fargʻona viloyatidan jami 150 nafar terimchi olib kelishga kelishilgani, 2018 yil sentyabr oyi boshlarida 15ta mahalla fuqarolar yigʻinlari raislaridan 1.000.000 soʻmdan jami 15.000.000 soʻm pul yigʻilib, Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidan terimchilar bilan 750.000 soʻmdan kelishib, avans tariqasida har biriga 100.000 soʻmdan berib kelingani, ushbu pullar paxta yigʻim terimiga chiqishni xohlamagan “uyushmagan aholi”dan va homiylar hisobidan yigʻib olib berishni rejalashtirilishi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshirish harakatlari davom etmoqda”, deyiladi xabarda.

Sizda ham majburiy mehnatga oid maʼlumotlar boʻlsa @paxta2018_bot maxsus boti orqali xabar berish soʻraladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?