Toshkent viloyatida mutlaqo yangi va zamonaviy “Chorvoq” erkin turistik zonasi tashkil etiladi

10:26 03 May 2019 Jamiyat
933 0

Poytaxt viloyatining eng soʻlim maskanlari boʻlgan Chimyon, Bildirsoy, Chorvoq va Nanay hududlarida “Chorvoq” erkin turistik zonasi tashkil etiladi. Mazkur yangi turistik obyektning bosh rejasi Fransuz kompaniyalari tomonidan ishlab chiqildi.

Kecha Fransuz kompaniyalari konsorsiumi aʼzolari Toshkent viloyat hokimligi rahbariyati bilan uchrashib, ”Chorvoq” ETZning bosh rejasi boʻyicha ishlab chiqilgan hujjatlarni taqdim etishdi. Ushbu hujjatlar uch qism - “Bildirsoy loyihasi”, “Chimyon loyihasi” hamda “Nanay loyihasi” qismlaridan iborat.

Aytish joizki, Fransuz davlatining mutaxassislardan iborat ishchi guruhi “Chorvoq” erkin turistik zonasi hududida oʻrganish ishlarini olib borish va muzokaralar oʻtkazish yuzasidan joriy yilning 21-28 yanvar hamda 25-29 mart kunlari tashrif buyurgandi.

Tashrif doirasida Fransiyalik mutaxassislar Chimyon, Bildirsoy, Chorvoq va Nanay hududlarining geografik joylashuvi, tabiati, tuproq qatlamlari, iqlimining oʻziga xosligi, tashrif buyuruvchi turistlar soni bilan bogʻliq maʼlumotlarni batafsil oʻrganishdi. Shu asosda erkin turistik zona hududini rivojlantirish bilan bogʻliq bir qator shaharsozlik va xizmat koʻrsatish loyihalarining konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, Chimyon dam olish oromgohi hududida avtomobil yoʻlini tonnel koʻrinishiga keltirib, ustki qismida bir qator turistik obyektlar va turistlarga xizmat koʻrsatuvchi infratuzilma obyektlarini joylashtirish, mavjud kanat yoʻllari oʻrniga yangi, zamonaviy kabinali kanat yoʻllarini qurish takliflari berildi. Bunda asosiy maqsad Chimyon hududining tabiiy jozibasini buzmagan holda yer maydonlaridan optimal foydalanishdan iborat.

Shuningdek, fransuz mutaxassislar tomonidan erkin turistik zonaning Bildirsoy hududida mavjud “Bildirsoy” dam olish maskani va qurilayotgan “Amirsoy” togʻ-changʻi kurort zonasi oraligʻiga zamonaviy koʻrinishda dam olish maskanlari majmualarini joylashtirish orqali hududda yana qoʻshimcha changʻi uchish, kanat yoʻllarini qurish takliflari bildirildi.

Nanay hududida esa Chorvoq suv ombori qirgʻoqlaridan optimal foydalangan holda plyajlar barpo etib, suv sporti turlarini va ekstremal sport turlarini yaratish taklif etildi. 

Ahamiyatlisi, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida “Chorvoq” erkin turistik zonasida turizmning mutlaqo yangi va zamonaviy turlari rivojlantiriladi. Eng muhimi, mazkur xizmatlarning sifat darajasi jahon standartlari talablariga toʻliq javob beradi.

Eslatib oʻtamiz, Fransiya Taraqqiyot agentligi ”Chorvoq” erkin turistik zonasining bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqishga qaratilgan 750 ming yevro grant mablagʻi taqdim etganidan soʻng, 2018 yilning 21 noyabrida Fransiya davlatining “Geode” kompaniyasi boshchiligida “Orex Loisirs”, “Patriarch”, “Epode” va “CDA Management” kompaniyalari ”Chorvoq” ETZning Bildirsoy, Chimyon va Nanay hududlarini oʻrganish, batafsil bosh rejasi va biznes rejasini ishlab chiqish yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi bilan kelishuv imzolagan edi.

Uchrashuvda Toshkent viloyati hokimi Gʻulomjon Ibragimov ishtirok etdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?