Toshkent viloyatidagi kiyikchilik qoʻriqxonasida boshqa turdagi noyob jonivorlarni koʻpaytirish ham yoʻlga qoʻyiladi

18:54 11 Iyul 2020 Jamiyat
510 0

Boʻstonliq tumani «Qoronqoʻl» qishlogʻining dengiz sathidan 1200 metr balandlikdagi 98 gektar maydonida noyob jonivorlar boqilmoqda. Qoʻriqxonada parvarishlanayotgan 45 bosh Yevropa kiyigi va 50 bosh asl bugʻular podasi yana 10 boshga koʻpaydi. Yangi tugʻilgan kiyiklar 19-20 oy oraligʻida tirik vaznini toʻliq tiklaydi. Shunda ularning har biri 65 kilogrammdan 180 kilogrammgacha shifobaxsh goʻsht qilishi mumkin. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, kiyik goʻshti A, V1, B2, PP, E vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi. Shu bois, Yevropa bozorlarida aholining ushbu goʻshtga boʻlgan talabi yil sayin ortib bormoqda. Rossiyada uning bir kilogrammi 700 – 1500 rubl, Germaniyada 14 dan 25 yevrogacha. AQSHda esa uning ulgurji narxi 8–12 dollarni tashkil etadi.

— Madriddagi Xalqaro kiyikchilik uyushmasi anjumanlarida koʻp bor qatnashganman. Ular Oʻzbekistonning barcha sohadagi imkoniyatlari yil sayin kengayib borayotganligini doimo mamnuniyat bilan eʼtirof etishadi, — deydi, biz bilan suhbatda “Corrida Food” oilaviy korxonasi rahbari Baxtiyor Xodjimatov. — Shu bois kiyikchilikni yoʻlga qoʻyish borasidagi taklifimizni ijobiy baholashdi. Germaniya va Ispaniyadagi hamkorlarimiz yilning yoz va qish faslida kelishib Toshkent, Namangan, Jizzax viloyatlaridagi iqlim va atrof-muhit musaffoligini batafsil oʻrganishdi. «Qoronqoʻl» qishlogʻining ushbu hududida noyob jonivorlarni boqib koʻpaytirishga yetarli asos borligiga toʻliq ishonch hosil qilishgach, bu boradagi hamkorlik uchun shartnoma imzolashdi. Boʻstonliq tuman hokimi va tegishli soha mutaxassislarining saʼy-harakati, tadbirkorlik faoliyatimizni qoʻllab-quvvatlashi natijasida bugungacha 8 kilometr masofaga suv quvurlari va elektr simlari tortib chiqdik. Ozuqa yetishtirish yuzasidan dastlabki natijalarga erishdik. Xullas, qoʻriqxonani rivojlantirish uchun birlamchi sharoitlar yaratildi.

2019-yili Jahon banki liniyasi orqali, AT «Aloqabank»dan 780.000 AQSH dollari miqdorida kredit oldik. Avstriya va Sloveniyadan xarid qilingan kiyiklar bizdagi iqlimga tezda moslashishdi. Sovuqsevar jonivor boʻlgani tufayli qish-qirovli kunlarda juda yayrashdi-da!

Aslida, kiyik boqishdan maqsadimiz yurtimizda deyarli yoʻq boʻlib ketayotgan bu turdagi jonivorlar podasini koʻpaytirish. Xudo xohlasa, ikki uch yil oraligʻida viloyatimizdagi mavjud oʻrmonlarga ushbu noyob jonivorlarni yovvoyi holda koʻpayishiga sharoit yaratamiz. Ularning maʼlum bir qismini tabiat qoʻynida erkin yashashi uchun qoʻyib yuboramiz.

Shu kecha-kunduzda asl bugʻulardan 6 boshi, kichik kiyiklardan esa 4 boshi bolaladi. Ona kiyiklar bolalariga juda mehribon va ehtiyotkor boʻlishadi. Bolalarini imkon qadar qoʻriqxona ichkarisida, koʻzdan yiroqda saqlashadi. Shu tufayli yangi mehmonlar bilan hali oʻzimiz ham toʻliq tanishib ulgurmadik. Ularning yana bir noyob xislati insonlarga ishonuvchan. Bu bizda shakllanayotgan ichki turizmni rivojlantirishda oʻziga xos ahamiyatga ega. Qiziquvchan kishilar kelib qoʻriqxonadagi ushbu noyob jonivorlar hayotini yaqindan kuzatishi mumkin. Kelgusida Toshkent davlat agrar universiteti talabalarning nazariy bilimlarini amalda sinashi uchun oʻquv mashgʻulotlari tashkil etish yuzasidan shartnoma imzolash rejamiz ham bor. 

Yangi loyihalarimiz boʻyicha qoʻriqxonamizda lama, alpaka, fazan singari noyob jonivorlar turini koʻpaytirishni ham yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bu hozircha biznes sirimiz edi, sizga ochiqlab qoʻydim! Ularga ozuqa yetishtirish uchun Parkent tumanidan olingan yer maydonlarini kengaytirish ustida izlanyapmiz. Tabiiyki, imkoniyatlarimiz kengayishi bilan bir qatorda mahalliy yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari ochiladi. Xullas, bajariladigan yumushlar juda koʻp, fursat esa oz...

Tadbirkor Baxtiyor Xodjimatov taʼkidlaganidek, qoʻriqxonada parvarishlanayotgan kiyiklar har taraflama koni foyda. Yirik shoxli chorva mollari, qoʻy-qoʻzilar yaylovlarda 25-30 xil giyohlar bilan ozuqlansa, kiyiklar ikki yuz xil oʻt-oʻlanlarni yeyishadi. Bu ular goʻshti va yogʻining dorivor malhamga aylanishiga asos boʻladi. Masalan, farmatsevtika sanoatida kiyik shoxidan kamyob dorilar tayyorlanadi. Abu Ali ibn Sinoning tib ilmida ham ularning shoxi inson tanasini yoshartirish xususiyatiga egaligi bilan bir qatorda, tarkibida turli xil kasalliklar uchun malham yashiringanligi aytiladi.

Oltoy oʻlkasidagi bugʻuchilik xoʻjaliklarida yilning aprel-iyun oylarida podalar shoxi qirqilib yangilanadi. Yigʻilgan xom ashyo esa farmatsevtika sanoatiga topshiriladi. Qolaversa, Yevropa davlatlarida boʻgʻilar podasini koʻpaytirish chorvachilik sohasining muhim yoʻnalishi sifatida qadrlanadi. Ajabmas tez orada Oʻrta Osiyo davlatlarida yagona boʻlgan Boʻstonliqdagi ushbu qoʻriqxonada Baxtiyor Xodjimatovning katta biznesi yuksak samara bersa!

Shodiyor MUTAHAROV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?