Toshkent viloyatida yil boshidan buyon salkam 4,5 ming litr alkogol mahsulotlarini noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yildi

17:58 14 Avgust 2018 Jamiyat
152 0

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan olingan ma’lumot asosida Toshkent viloyati IIB YXXB vakillari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida navbatdagi qing‘irlik fosh etildi.

DBQ axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, G‘ishtko‘prik YPX maskanida fuqaro T. A.ga tegishli bo‘lgan qo‘l yuklari to‘xatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, qora rangli paketlarga solingan xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari bo‘lmagan 3 turdagi umumiy qiymati salkam 2,7 mln. so‘mlik 185 dona pivo ichimligi borligi aniqlandi. Ushbu mahsulotlar muqaddam tashmachilar yordamida mayda-mayda miqdorlarda qayta sotish maqsadida olib kirilgan ekan. Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari olib borilmoqda.

Ta’kidlash joizki, 2018 yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 23 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati salkam 76 mln. bo‘lgan salkam 4475 litr spirt va alkogolli ichimliklarning noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, amaldagi tartiblarga ko‘ra respublikamizga bojxona chegara postlari orqali 2 litrdan oshmagan miqdorda alkogol mahsulotlari, shu jumladan pivo olib kirishga ruxsat etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?