Toshkent viloyatida baliqchilik yoʻnalishida xorij universiteti filiali tashkil etildi

16:15 23 Iyul 2019 Jamiyat
729 0

Illyustrativ foto

Hukumatning tegishli qarori bilan Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya Federatsiyasi)ning Toshkent viloyatidagi filiali tashkil etildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, baliqchilik tarmogʻi ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqarish va eng muhim ilmiy-tadqiqot vazifalarini hal etishga qodir boʻlgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro taʼlim standartlari darajasida tayyorlash Filialning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Filial Bosh muassasa tomonidan taʼsis etiladi va kadrlarga boʻlgan talabdan kelib chiqib asosiy bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha mutaxassislar, jumladan, ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va malakasini oshiradi.

2019/2020 oʻquv yilida Toshkent davlat agrar universiteti Bosh muassasa bilan hamkorlikda “Suv bioresurslari va akvakultura” bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kunduzgi shaklda toʻlov-kontrakt asosida rus guruhida kadrlar tayyorlashni davom ettiradi.

Filialning taʼlim faoliyati 2020/2021 oʻquv yilidan boshlanadi.

Filialda quyidagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari (magistratura mutaxassisliklari) boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:

- Suv bioresurslari va akvakultura;

- Ekologiya va tabiatdan foydalanish;

- Baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash texnologiyasi;

- Baliqchilik xoʻjaligi iqtisodiyoti.

Filial bitiruvchilariga Astraxan davlat texnika universiteti (Rossiya Federatsiyasi)ning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va ushbu diplom Oʻzbekistonda oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida eʼtirof etiladi.

2020-yil 1-avgustgacha Filial malakali professor-oʻqituvchilar tarkibi bilan tanlov asosida toʻldirilishi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?