Toshkent viloyatida 50 ta mehmon uyi tashkil etiladi

19:41 21 May 2019 Iqtisodiyot
365 0

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida aholi orasida mehmon uylarini tashkil etish boʻyicha targʻibot tadbirlarini oʻtkazmoqda. Bunda asosiy eʼtibor sayyohlarni koʻproq qiziqtirayotgan Boʻstonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari, shuningdek, Angren shahrida joylashtirish vositalariga boʻlgan talabni toʻlaqonli qondirish qaratilmoqda.

Xonadonma-xonadon yurilib, oilaviy mehmon uylarini tashkil etish tartibi, imtiyozlari boʻyicha tushuntirishlar natijasida turizm salohiyati yuqori boʻlgan tumanlarda oilaviy mehmon uylarini tashkil etish istagini bildirgan 50 dan ortiq tashabbuskor aniqlandi. Demak, yaqin orada shuncha mehmon uyi tashkil etiladi.

Ayni vaqtda ularning roʻyxati “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar ajratilishi uchun mutasaddi tashkilotlarga yuborildi. Ularni monitoring qilish mexanizmi joriy qilinmoqda.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Toshkent viloyatiga har yili oʻrtacha 550 000 nafar xorijiy va 3 200 000 nafar mahalliy sayyoh keladi. Ayni vaqtda esa ularga viloyatdagi 72 ta mehmonxona, 56 ta oilaviy mehmon uy xizmat koʻrsatyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?