Toshkent viloyatida 187,7 million soʻmlik tovarlarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi

12:37 03 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
727 0
Illyustrativ foto

Toshkent viloyatida belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik qilayotgan shaxslarni aniqlash yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida jami 187,7 mln. soʻmlik tovarlarning noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi.

Bu haqda Davlat soliq qoʻmitasining Jamoatchilik bilan alqolar va huquqiy axborot boʻlimi tomonidan maʼlum qilindi. Misol uchun, Toshkent tumanidagi Uchqahramon savdo majmuasi hududida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 11A/B-sonli doʻkonda Surxondaryo viloyati, Uzun tumanida doimiy roʻyxatda turuvchi fuqaro T. Xolmoʻminov (ismi, sharifi oʻzgartirilgan) belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan, hech qanday hujjatlari mavjud boʻlmagan 11 turdagi umumiy qiymati 54,4 mln. soʻmlik 951 dona erkaklar kiyimi va poyabzalini noqonuniy ravishda sotayotganligi aniqlandi va unga nisbatan tegishli chora qoʻllanildi.

Eʼtiborli jihati, mazkur holatda Uchqahramon savdo majmuasi rahbariyati Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qarori talablariga zid ravishda davlat roʻyxatidan oʻtmagan fuqaroga noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun sharoit yaratib bergani achinarli hol, albatta.

Soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan savdo, xizmat koʻrsatish va ishlab chiqarish sohasiga oid qonunbuzarliklarning oldini olish, sogʻlom raqobatni shakllantirish maqsadida Yangiyoʻl shahrida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida Samarqand koʻchasi 1-uyda joylashgan savdo doʻkonida fuqaro N.Ahmadjonova (ismi, sharifi oʻzgartirilgan) belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlandi. Ushbu fuqarodan noqonuniy ravishda savdoga qoʻyilgan umumiy qiymati 23,8 mln. soʻmlik oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qoʻyildi.

Shuningdek, Zangiota tumani Xonobod QFY, Toshkent mahallasida joylashgan xonadonda fuqaro B.Karimov (ismi, sharifi oʻzgartirilgan) ham noqonuniy ravishda tikuv sexini tashkil etgani aniqlandi. Bu fuqarodan ham umumiy qiymati 77,2 mln. soʻmlik tovar-moddiy boyliklar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qoʻyildi.

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan oʻtkazilayotgan nazorat tadbirlaridan koʻzlangan maqsad, kimnidur jazolash emas, aksincha tadbirkorlik faoliyatini qonuniy yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish orqali soliq munosabatlarini tartibga solishdan iborat.

Mazkur turdagi nazorat tadbirlari doimiy ravishda davom ettiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?