Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori nega qamoqqa olindi? — Bosh prokuratura rasmiy bayonot berdi

19:18 10 Sentyabr 2020 Jamiyat
556 0

2020-yil 10-avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va “COVID-19” tashxisi bilan ogʻir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 01.08.2020-yilda Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga oʻtkazilganligini va 02.08.2020-yilda uning sogʻligʻi yomonlashib vafot etganligini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik xolati ogʻirligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining koʻrsatmasi bilan ushbu bemor ogʻir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan.

Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor “COVID-19” kasalligidan toʻliq tuzalganligi haqida soxta maʼlumot kiritilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻlarning maqsadli sarflanishi yuzasidan oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 mln. soʻm byudjet mablagʻlari rastrata yoʻli bilan talon-taroj qilinganligi aniqlandi.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yu. bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz koʻrsatilgan muddatlarda kelmagan.

2020-yil 08-sentyabr kuni shifoxona bosh shifokori G.Yu. majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etildi.

Ayblanuvchi G.Yu. tergov harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgani, oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat ogʻir jinoyatlar turkumiga kirishligi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yoʻq qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 09.09.2020-yildagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qoʻllanildi.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?