Toshkent viloyati “Standart and Poorʼs”ning yuqori reyting bahosini qoʻlga kiritdi

17:05 16 May 2019 Jamiyat
409 0

“Standart and Poorʼs” xalqaro reyting agentligi tomonidan Toshkent viloyatiga uzoq muddatli kredit salohiyatini belgilovchi “BB-” reytingi berildi, prognoz “Barqaror”.

Bunday yuksak baho nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi, balki Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi boʻlib poytaxt viloyati qoʻlga kiritgani alohida eʼtiborga molikdir.

Poytaxt viloyati hokimligi tomonidan hududning iqtisodiy-ijtimoiy koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda, uning kredit salohiyatini belgilashga qaror qilindi. Tashkiliy ishlarda “Gazprombank” (Rossiya Federatsiyasi) aksiyadorlik kompaniyasi mutaxassislarining maslahatlari qoʻl keldi. Natijada “Standart and Poorʼs” xalqaro reyting agentligi tomonidan Toshkent viloyatining uzoq muddatli kredit salohiyati ijobiy baholanib, joriy yilning 15 may kuni eʼlon qilindi.

Mutaxassislarning aytishicha, bu dunyo bozorida kuzatilayotgan oʻzgaruvchan konyunkturani inobatga olgan holda, mamlakatimizda har bir hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish strategiyasini belgilash, yetakchi tarmoq va sohalarni jadal rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning munosib eʼtirofi hamdir. Binobarin, viloyatda keyingi paytda asosiy iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha oʻsish tendensiyasi saqlanib turibdi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 2018 yilda 6,4 foiz oʻsdi. Bu koʻrsatkich 2019 yilda 6,7 foiz, 2020-2021 yillarda esa 7,3 foizga yetishi kutilmoqda.

Agentlik tahlilchilari tomonidan taqdim etilgan xulosada ham viloyatning reyting koʻrsatkichlari Oʻzbekiston Respublikasining reyting koʻrsatkichlariga muvofiqligi, mavjud moliyaviy barqarorlik, hudud byudjeti profitsit bilan ijro etilishi hamda iqtisodiy-ijtimoiy va likvidlik koʻrsatkichlari kelgusi uch yillikda yuqoriligicha qolishi alohida qayd etilgan.

Anjuman yakunida qoʻlga kiritilgan yuqori reyting bahosi investorlarning viloyat iqtisodiyotiga qiziqishini oshirib, sarmoyalar oqimini koʻpaytirish, investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi aytib oʻtildi.

Rahmatilla ShERALIYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?