Toshkent viloyati ichki ishlar tizimida eksperiment joriy etilmoqda

14:20 01 Iyun 2019 Siyosat
434 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Angren shahridagi 2-sonli ichki ishlar boʻlimini borib koʻrdi.

Boʻlim uchun yangi bino barpo etildi. Tezkor navbatchilik qismi va xizmat xonalari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Profilaktika, tergov, jinoyat-qidiruv boʻlinmalari, pasport xizmati, psixolog faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-maydagi qaroriga muvofiq Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etilmoqda. Ushbu eksperiment doirasida viloyat, tuman va shahar darajasidagi tuzilmalarni maqbullashtirib, 86 foiz xodimlarni quyi boʻgʻinga tushirish belgilangan. Angren shahrida ham bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan.

- Jinoyatchilik jilovlansa, xalqimiz xotirjam, davlatdan rozi boʻladi. Buning uchun hamma huquqni muhofaza qilish organlari yanada jips ishlashi, aholiga yaqin boʻlishi kerak. Shunda huquqbuzarliklarning oldi olinib, jinoyatga oʻrin qolmaydi, - dedi Prezident.

Ichki ishlar, Milliy gvardiya, prokuratura, sud va boshqa organlar hamkorligini kuchaytirish, boʻlinmalarning tezkorligini oshirish va maksimal darajadagi harakatchanligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?