Toshkent viloyati hokimi gazeta o’qiydi. Tumanlarning hokimlarichi?

12:15 25 Aprel 2018 Jamiyat
1080 0
Foto: Shomurot Sharapov "Xalq so’zi". 

 «Suvning uvoli yomon» maqolasida ko’tarilgan masalalarni hal etish bo’yicha aniq chora-tadbirlar ko’riladi
“Xalq so’zi” gazetasining shu yil 19 apreldagi sonida chop etilgan “Suvning uvoli yomon” sarlavhali maqolada bugungi kunning dolzarb mavzusi — tabiat musaffoligi va inson salomatligining asosi sanalgan suv havzalarining muhofaza zonalaridagi ayanchli ahvol, daryo, kanal hamda o’zanlardagi obihayotning ifloslanishi bilan bog’liq muammolar Toshkent shahri va viloyatining bir qismini toza ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Bo’zsuv kanali misolida qalamga olingan edi.

Odatda gazetaning bu kabi har bir chiqishi mutasaddilardan tortib, oddiy gazetxonlarni ham befarq qoldirmaydi. Shu paytga qadar tahririyatimizga kelayotgan maktublar, telefon qo’ng’iroqlari buning tasdig’idir.
Mazkur tahliliy maqolada ko’tarilgan masalalar poytaxt viloyati hokimligining alohida nazoratiga olindi. O’tgan hafta viloyat hokimi raisligida shoshilinch chaqirilgan videoselektor yig’ilishi ushbu maqola muhokamasiga bag’ishlandi.
Viloyat hokimi o’. Ibragimov gazetaning ushbu tanqidiy-tahliliy chiqishi g’oyat o’rinli bo’lganini ta’kidlar ekan, shu kunga qadar barcha mutasaddilar Bo’zsuv kanali bilan bog’liq ahvolni ko’ra-bila turib, “Sen menga tegma, men senga tegmayman” qabilida ko’z yumib kelganlarini afsus bilan qayd etdi. Viloyat hokimi anhor muhofaza zonasidagi noqonuniy qurilmalar, oqova suvlari hamda maishiy chiqindilarning suv havzasiga tashlanishi, bu hol, shubhasiz, hududlardagi sanitariya holatini izdan chiqarishi, eng yomoni, inson salomatligiga jiddiy putur etkazishi mumkinligi haqida o’z vaqtida bong urmagan mutasaddilarni mas’uliyatsizlikda aybladi.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig’i S. Gapparov, viloyat davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bosh shifokori B. Boltaboevning mazkur maqolada ko’tarilgan masalalar yuzasidan hisoboti tinglandi hamda ular ishda yo’l qo’ygan kamchilik va nuqsonlari uchun jiddiy ogohlantirildi.

Darvoqe, videoselektor davomida viloyatdagi Bo’zsuv kanali oqib o’tuvchi hududlar — Chirchiq shahri, Qibray, Toshkent, Zangiota, Yangiyo’l, Chinoz tumanlari hokimlari gazetada ko’tarilgan masalaga munosabat bildira olmadilar. Chunki yig’ilish o’tkazilgan vaqtda gazeta chop etilganidan uch kun o’tganiga, maqolada aynan shu hudud tabiati, aholisi salomatligi bilan bog’liq dolzarb masala ko’tarilganiga qaramay, mazkur hudud rahbarlari gazeta o’qimasliklari ma’lum bo’lib qoldi.

Mutasaddilarga kun davomida maqola bilan tanishish, vaziyatni o’nglash bo’yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, shaxsan taqdim etish vazifasi yuklatildi.

Yig’ilish yakunida sohaga taalluqli barcha idora va tashkilotlar, mahalliy hokimliklar, shuningdek, tegishli korxonalar rahbarlariga Bo’zsuv kanali qirg’oqlaridagi noqonuniy qurilmalarni hisobga olish, ularni belgilangan tartibda bartaraf etish, suvni muhofaza qilish zonalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, suv havzasi ifloslanishining oldini olishga doir kompleks chora-tadbirlar rejasini zudlik bilan ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq qilish vazifasi topshirildi.

Tahririyat.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?