Toshkent viloyati hokimi tasdiqlandi

19:58 13 Yanvar 2020 Siyosat
438 0

Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining sessiyasi boʻlib oʻtdi. Kun tartibiga koʻra, 6 ta masala Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashiga saylangan deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi.

Sessiya ishida Xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlar, viloyat hokimining oʻrinbosarlari, tuman va shaharlarning toʻrtta sektori rahbarlari, siyosiy partiyalarning viloyat Kengashi raislari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari, viloyat hokimligi kotibiyat mudirlari, guruh rahbarlari, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari raislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Deputatlar sessiya kotibi, kun tartibi va reglamentini ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlashdi. Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan viloyat saylov komissiyasining raisi Jaloliddin Nasriddinov axborot berdi.

Shundan soʻng, Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining kun tartibiga kiritilgan ikkinchi masala koʻrib chiqildi. Unga koʻra, deputatlar Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalar toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqladilar. Kun tartibidagi uchinchi masala yuzasidan “Xalq deputatlari viloyat kengashiga siyosiy partiyalardan saylangan deputatlarning partiya guruhlarini roʻyxatga olish toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi tasdiqlandi.

Navbatdagitoʻrtincha masala boʻyicha ham qaror loyihasi deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi. Unga koʻra, Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining doimiy komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.

Sessiya ishtirokchilari tashkiliy masala boʻyicha oʻzaro maslahatlashuv oʻtkazdilar.

Kun tartibidagi beshinchi masala boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining vakili — Bosh vazir Abdulla Aripov nutq soʻzladi.

Tanaffus vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tavsiya etilgan nomzod partiyalar deputatlik guruhi tomonidan muhokama etildi va bu muhokamalar yakuni haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berildi.

Sessiya ishtirokchilariga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Toshkent viloyati hokimi lavozimiga koʻrsatilgan nomzod yuzasidan partiya deputatlik guruhi maslahatlashuvi yakunlari boʻyicha axborot berildi.

Ushbu masala yuzasidan OʻzLiDeP, “Adolat” SDP,“Milliy tiklanish”, XDP hamda Ekopartiya vakillari soʻzga chiqishdi. Partiya deputatlik guruhlari vakillari Toshkent viloyati hokimi lavozimiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tavsiya etilgan Rustam Xolmatov nomzodini bir ovozdan qoʻllab-quvvatlashdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimnomasiga asosan, Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq, birinchi sessiyasida Xolmatov Rustam Qurbonnazarovich Toshkent viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Shu bilan sessiya ishi yakunlandi.

Shodiyor MUTAHAROV

(Xalq soʻzi)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?