Toshkent viloyati aholi xonadonlariga uyma-uy yurish davomida aniqlangan 6 664 ta muammo bartaraf etilgan

09:26 29 Yanvar 2020 Jamiyat
495 0

Bugungi kunda Toshkent viloyati prokurorlari sektorlaridagi hududlarni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash va ularning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan dolzarb muammolarni bartaraf etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Viloyatning tuman va shahar prokurorlari sektorlari 255 ta fuqarolar yigʻini hududidagi 160 042 ta xonadonda istiqomat qiluvchi 746 171 nafar fuqaroning turmush tarzini, oilaviy sharoitini, ularning ijtimoiy muhofazasi, uy-joy va kommunal sharoitlarini yaxshilash borasida samarali faoliyat olib bormoqda.

2019-yilda prokurorlar sektorlari hududida yashovchi aholi xonadonlariga uyma-uy yurish davomida aniqlangan 6 664 ta muammo bartaraf etilgan.

Xususan, Bekobod shahar “Madaniyat” MFYda istiqomat qiluvchi T.Oʻrishboyevaning uyini qayta qurib berilishida amaliy yordam koʻrsatilgan.

Quyichirchiq tumani “Tinchlik” MFY hududidagi ikki qavatdan iborat uy-joy qayta taʼmirlanib, muhtoj boʻlgan 14 nafar oilaga berilgan.

Chinoz tumani “Ahillik” mahallasi hududidagi Marvarid koʻchasida hamda “Navroʻz” mahallasi hududidagi Ming Oʻrik koʻchasida yashovchi fuqarolarning toza ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq muammosi hal etilgan.

Yangiyoʻl tumanidagi “Nihol” va “Mirishkor” MFYlar hududda yashovchi 450 nafar aholi eng zamonaviy tibbiy diagnostika apparatlari bilan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan.

Zangiota tumani “Nayman” MFY Gʻishtchilar koʻchasi 49-uyda yashovchi Sulliyev Botirga, Nurafshon shahar “Obod turmush” MFY hududidagi Shon–Shuhrat koʻchasida yashovchi 3 nafar nogiron fuqarolarga nogironlik aravachalari berilgan hamda “Navruz” MFY hududidagi Toshkent yoʻli koʻchasi 222-xonadonda yashovchi nogiron qiz Sanginova Shirinaga noutbuk sovgʻa qilingan. 

Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy va boshqa obyektlarda aniqlangan 4 513 ta muammo bartaraf etilgan.

Masalan, Toshkent tumani “Avliyo-ota” MFY hududida joylashgan 
23-sonli qishloq oilaviy poliklinikasi toʻliq taʼmirdan chiqarilib, aholi foydalanishiga topshirilgan.

Piskent tumani “Koʻl ota” MFYning Xalqberdi, Yettiboy, Mashak 
va Koʻlboshi koʻchalariga elektr taʼminotini yaxshilash uchun yangi transformator hamda beton ustunlar oʻrnatilgan.

Ohangaron shahri “Namuna” MFY hududidagi “Xoʻjabaland” kanali betonlashtirilib, atrofi obodonlashtirilgan.

Boʻka tumani “Yangiqoʻrgʻon” MFYda 90 oʻrinli “Binafsha” nomli maktabgacha taʼlim muassasasi qurilishiga amaliy yordam koʻrsatilib, foydalanishga topshirilgan.

Viloyatdagi prokurorlar sektorlarida Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbusni roʻyobga chiqarishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Oqqoʻrgʻon tumani “Shoxruxiya teks” MCHJ faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur sexga 12 ta zamonaviy tikuvchilik dastgohlari oʻrnatilib, 
25 ta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Nurafshon shahri 2-sektor xududida joylashgan 4-son umumtaʼlim maktabi rekanstruksiya qilinishiga amaliy yordam koʻrsatilib, zamonaviy koʻrinishga keltirilgan. Shuningdek, maktabga mini futbol stadioni qurib berilgan va 600 dona badiiy kitoblar sovgʻa qilingan.

Parkent tumani “Qayilma” MFY hududidagi Tong koʻchasida zamonaviy kutubxona tashkil etilishiga amaliy yordam koʻrsatilgan va hozirda mazkur kutubxona aholi uchun maʼnaviy boylik ortirilishida oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Qolaversa, viloyatdagi prokurorlar sektorlarida har bir hududda aniqlangan muammolarni hal etish, tadbirkorlikni rivojlantirish va huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha ishlarni tashkil etishga qaratilgan “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilib, ularning ijrosi yuzasidan sektorlar rahbarlarining tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobotlarini eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Bunday ijobiy ishlarni viloyatning boshqa hududlarida ham kuzatish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?