“Toshkent-Urganch” avtobusidagi kabi holat boshqa qaytarilmaydimi? – Transport vazirligi izohi

14:12 24 Avgust 2019 Jamiyat
157 0

23-avgust kuni telegramm messenjerining turli guruhlarida “Toshkent” avtovokzalidan harakatlanishni boshlagan “Toshkent-Urganch” yoʻnalishidagi “Uzautotrans Service” MCHJga tegishli avtobusda olingan suratlar paydo boʻldi.

Transport vazirligi xabariga koʻra, ushbu suratlarda avtobus haydovchisi barcha oʻrindiqlarga chipta sotilgan va yoʻlovchilar bilan toʻla boʻlishiga qaramasdan, korxona ichki tartib qoidalarini va tashuvlar boʻyicha xavfsizlik qoidalarini qoʻpol ravishda buzib, yoʻl-yoʻlakay avtobus saloniga qoʻshimcha yoʻlovchilarni olgan. Chiptasiz yoʻlovchilar esa avtobusning oʻrindiqlar oraligʻidagi yoʻlakka oʻtirib olgani aks ettirilgan. Bu esa, oʻz navbatida, boshqa yoʻlovchilarga noqulayliklar keltirib chiqarib, ularning haqli eʼtiroziga sabab boʻlgan. Avtobus salonida boʻlgan yoʻlovchilardan biri mazkur vaziyat yuzasidan “Toshkent” avtovokzalining ishonch raqamiga qoʻngʻiroq qilib, ariza qoldirgan.

“Mazkur holat yuzasidan kelib tushgan arizani zudlik bilan “Uzautotras Service” MCHJ rahbariyati bilan muhokama qilib, tashuvlar boʻyicha xavfsizlik qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan haydovchi va mutasaddi xodimlarga tegishli choralar koʻrish masalasini koʻrib chiqmoqda.

Transport vazirligi bu kabi qoidabuzarliklarni vaqtida bartaraf etishga qoʻshgan hissasi uchun yoʻlovchilarga minnatdorchilik bildirgan.

Transport vazirligi hurmatli yoʻlovchilardan oʻz safarlari davomida avtobus haydovchilarining bu kabi xatti-harakatlariga guvoh boʻlgan taqdirda vazirlikning (71) 202 22 55 yoki 1167 qisqa raqamli ishonch telefonlariga murojaat etishlarini soʻrab qoladi. Shuningdek, “Toshkent” avtovokzalining (71) 207 87 00 hamda “Uzautotrans Service” MCHJning (71) 207 87 02 raqamlariga qoʻngʻiroq qilib ariza qoldirishingiz mumkin”, - deya maʼlum qilgan vazirlik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?