Toshkent tumanida bunyodkorlik ishlarining koʻlami katta

12:14 16 Sentyabr 2019 Jamiyat
277 0

Yaqin-yaqingacha ham Toshkent tumani markazi Keles shahrida baland-baland imoratlar, zamonaviy binolar quriladi, tuman haqli ravishda oʻzining koʻrkam va obod markaziga ega boʻladi desa, eshitgan kishining ishongisi kelmas edi. 2019-yil tuman uchun tub burilish va keskin oʻzgarishlar yili boʻldi.

Prezidentimizning shu yil 1-3-iyun kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi davomida viloyatni barcha sohalarda rivojlantirish, jumladan har bir tuman markazini zamonaviy shaharsozlik-arxitektura andozalari asosida qurilish-obodonlashtirish ishlarini olib borgan holda zamonaviy koʻrinishga keltirish, aholi uchun qulayliklar yaratish vazifasi belgilab berildi hamda ushbu ishlarni amalga oshirish uchun respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan Toshkent viloyatiga 1,1 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Oradan hech qancha vaqt oʻtmay Toshkent tumanida ham bunyodkorlik ishlari jadal suratlarda boshlab yuborildi.

Keles yoʻli koʻchasidagi 1-koʻp qavatli uy.

Keles yoʻli koʻchasida “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi tomonidan bunyod etilayotgan 7 qavatli turar-joy binolari qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

“Boysun omad qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati pudratchi tashkiloti tomonidan qurilayotgan birinchi koʻp qavatli uyning poydevor, yertoʻla, birinchi qavat ustun koʻtarish ishlari nihoyasiga yetib, gʻisht terish ishlari davom etmoqda. – Obyektimizda 30 dan ziyod quruvchi mehnat qilmoqda, – deydi qurilish tashkiloti ish boshqaruvchisi Rustam Soatov. – Ish davomida 1 ta minorali kran, avtokran, yuk mashinasi kabi 8 ta texnika bizga beminnat yordamchi boʻlmoqda. Ishchilarimiz 3 mahal issiq ovqat, yotoq joylari bilan taʼminlangan, ish haqlari oʻz vaqtida berilmoqda. Shuningdek, 2, 3 va 4-koʻp qavatli uylarda ham poydevor, yertoʻla, birinchi qavat ustun koʻtarish, gʻisht terish ishlari davom etib, binolar tobora qad koʻtarib bormoqda.

Tuman Markaziy shifoxonasi obyekt pasporti.

Koʻp qavatli uylarga tutash hududda “Toshkent metro jil stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati pudratchi tashkiloti tomonidan bunyod etilayotgan tuman markaziy shifoxonasi qurilish maydonida ham ishlar avjida. Uch qavatli binoning bir tomonida suvoq, yana bir tomonida gʻisht terish, boshqa tomonida esa santexnika va elektromontaj ishlari davom etmoqda.

Tuman Markaziy shifoxonasi binosi.

Avvalgi “Shohrux” oshiyoniga tutash hududda Yurtboshimiz ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusni oʻzida jamlagan oʻziga hos majmualar bunyod etilmoqda.

Madaniyat markazi qurilish pasporti.

Jumladan, “Murodil vaqt invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh pudratchi tashkiloti hamda “Vodiy sarkor dizayn” masʼuliyati cheklangan jamiyati yordamchi pudratchi tashkiloti quruvchilari tomonidan boʻsh turgan bino negizida bunyod etilayotgan “Madaniyat markazi” oʻzida yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, isteʼdodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladigan birinchi tashabbus, aholi va yoshlar oʻrtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan uchinchi tashabbus, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha tizimli ishlarni tashkil etishga yoʻnaltirilgan toʻrtinchi tashabbus va xotin-qizlarni ish bilan taʼminlash masalalarini nazarda tutuvchi beshinchi tashabbusni bir yerda jamlab, 460 oʻrinli asosiy tomosha zali tuman aholisining madaniy hordiq chiqarishi, kutubxona va bir qator toʻgaraklar esa yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladi.

Madaniyat markazining umumiy umumiy koʻrinishi.

Madaniyat markazining old koʻrinishi.

– Hozirda 35 nafar quruvchilarimiz tomonidan binoda tashqi fasad, gʻisht terish, suvoq, elektromontaj ishlari olib borilmoqda, – deydi biz bilan suhbatda ish boshqaruvchi Abrorjon Sotvoldiyev. – Shu yilning dekabr oyiga qadar qurilish ishlarini yakunlab, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun tantanalariga koʻrkam “Madaniyat markazi”ni tuman aholisiga tuhfa etishni rejalashtirganmiz.

Sport majmuasi qurilishi pasporti.

“Glory group” masʼuliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bunyod etilayotgan universal sport majmuasi yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan ikkinchi tashabbusni oʻzida mujassam etib, tuman yoshlarining sport bilan shugʻullanishlari uchun qulay maskanga aylanadi. Ushbu qurilish obyektida poydevor ishlari yakunlanib, jarayonning keyingi bosqichi davom etmoqda.

Amfiteatr qurilish maydoni.

Sport majmuasiga tutash hududda 1500 tomoshabinga moʻljallangan amfiteatrda ham quruvchilar issiq kunlarni gʻanimat bilib ishlarni jadallikda olib borishmoqda.


Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Anglesey food” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan Keles yoʻli koʻchasida qad rostlayotgan “Korzinka” savdo majmuasida poydevor ishlari yakuniga yetib, ustun koʻtarish ishlari davom etmoqda.


Tuman markazini obodonlashtirish ishlari doirasida “Ozodlik” mahallasidagi ikki qavatli uylarning tom qismini toʻliq yangilash ishlari yakunlanib, fasad qismlari suvoqdan chiqarilmoqda hamda rang berilmoqda. Uylar orasidagi ichki yoʻllar toʻliq asfalt qilinib, yangi beton ariqlar yotqizilmoqda.

“Ozodlik” mahallasidagi ikki qavatli uylar umumiy koʻrinishi.

Uylar fasad qismini taʼmirlash ishlari jarayoni.


Shuningdek, tumanning qaysi hududiga bormang barcha joyda qurilish, bunyodkorlik ishlari ustidan chiqasiz. Hususan, “Obod qishloq” dasturi boʻyicha “Oqtom”, “Tinchlik” va “Gultepa” mahallalarida katta koʻlamli ishlar davom etmoqda.

Bu yil tumandagi 1, 3, 14, 18 va 30-maktablarda kapital taʼmirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, yangi oʻquv yiliga foydalanishga topshirildi. 5-maktabda esa qoʻshimcha bino qurish ishlari yakuniga yetmoqda.

14-umumtaʼlim maktabining taʼmirlash ishlaridan keyingi tashqi koʻrinishi.

14-maktab asosiy binosi foyesi.

14-maktab yoʻlagi.

18-umumtaʼlim maktabining tashqi fasad koʻrinishi.

30-umumtaʼlim maktabi sport zali va yangi keltirilgan sport anjomlari.

35-maktabgacha taʼlim muassasasida kapital taʼmirlash ishlari yauniga yetkazilgan boʻlsa, yana 3 ta muassasada ishlar davom etmoqda. Tibbiyot birlashmasi tizimidagi 5 ta muassasada ham qurilish-taʼmirlash ishlari qizgʻin ketmoqda. Bundan tashqari yana koʻplab ijtimoiy soha obyektlari bunyod etilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi kunda tumanimiz keng koʻlamli bunyodkorlik maydoniga aylangan. Bu yaqin yillar ichida tumanda bunday ulkan qurilishlar boʻlmagan. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining odilona olib borayotgan siyosatining natijasi boʻlib, yaqin kelajakda tuman markazi Keles shahri betakror, goʻzal qiyofaga ega boʻladi hamda tumanimiz obodligi va aholimiz farovonligi taʼminlanadi. 

Toshkent tumani hokimligi Axborot xizmati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?