Toshkent — Shahrisabz yoʻnalishidagi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi olib tashlanadimi?

14:08 25 Yanvar 2019 Jamiyat
1035 0

Arxiv foto

Toshkent — Shahrisabz yoʻnalishida harakatlanayotgan poyezdlar manzilga yetguniga qadar aksari boʻshab qolayotgan ekan. Bu haqda Telegramm ijtimoiy tarmogʻidagi https://t.me/xolisfikr kanalida soʻz boradi. Kanal muallifi temir yoʻl sohasidagi muammoli vaziyatni koʻtarib chiqqan. Quyida mazkur postni toʻligʻicha eʼtiboringizga havola qilamiz.

“Poytaxtni qadim Kesh bilan toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlaydigan “Afrosiyob” tezyurar poyezdi qatnovi qoʻyilganidan boshqalar qatori men ham xursand boʻlgandim. Oʻzbekistonimizning har bir shahriga zamonaviy transport vositasi kirib borsa, qanday yaxshi!

Unga chiqqach, qulay xizmatidan foydalanib, yana sevindim. Oʻzingiz oʻylang, Toshkentdan soat 8 da jilgan poyezd 12:20 da yashil shaharga kirib kelsa. Shu vaqt oraligʻida Samarqand va Qarshi shaharlarida 10 daqiqadan toʻxtaganini hisobga olsak, masofani atigi 4 soatda bosib oʻtibmiz. Zoʻr-ku, deysizmi?!

Fikringizga qoʻshilaman. Buncha paytda, masalan, taksida yetib kelish — ertak. Lekin masalaning boshqa tarafi hafsalamni pir qildi.

Ishonasizmi, poyezd Qarshidagi vokzaldan yura boshlagach, vagonda yolgʻiz oʻzim qolibman.

Vagon kuzatuvchisidan soʻrayman:

— Boshqa yoʻlovchilar yoʻqmi?

— Bugun shunaqa boʻlib qoldi, — xijolat chekkan koʻyi aytadi.

— Avval-chi? — yana soʻrayman undan.

— Boshida tarkib boʻyicha 20 nafar atrofida odam qolardi. Keyin qatnovlarni olib tashlashmoqchi ham boʻldi. Lekin sekin-asta koʻpaya boshladi...

Toʻgʻri, yoʻlovchi boʻlmasa nima kerak shuncha xarajat?

Agar shunday qilinsa, eng oson va mantiqsiz chora koʻrilgan boʻladi. Axir, Qashqadaryoning shu ikki shahri oʻrtasidagi temir yoʻlni elektrlashtirish, “Talgo” kompaniyasining uchqur poyezdiga moslashtirish uchun ozmuncha sarf-xarajat qilindimi? Boshqasini qoʻying, yoʻl atrofini toʻsish uchun panjara oʻrnatish, ularni boʻyash uchun ketgan mablagʻ hisoblansa ham chakana raqam emas. Huvillab yotgan Shahrisabzdagi vokzalga hayot qaytgani, bir qancha odam ishli boʻlgani-chi? Buni faqat mablagʻ bilan oʻlchab boʻlmaydi.

Qanday yoʻl tutish kerak, dersiz?

Bu haqda koʻproq “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, qolaversa, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bosh qotirishi lozim. Axir, katta qiymatli bu loyihadan koʻzlangan asosiy maqsad sayyohlarga qulaylik yaratish emasmi?!

Basharti, hozir sayyohlik mavsumi emas ekan, yoʻnalishni aholi oʻrtasida koʻproq targʻib qilish, narx siyosatini optimallashtirish, maxsus aksiyalar oʻtkazish kerak emasmi? Jilla qursa, Qarshi — Shahrisabz oraligʻida yoʻlovchilarni jalb qilish yoʻllarini izlab topish zarur. Shundoq ham vagonlar boʻsh ketayotgan boʻlsa...

Yoki shu ikki sohadagilarga bu hol ahamiyatsiz, oddiy holga aylanib ulgurdimi?!."


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?