Toshkent shahrining 11 chiqish postida oʻtkazilgan profilaktik tadbirlardan maqsad nima edi?

00:06 21 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
621 0

Foto: DSQ Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi.

Soliq tizimidagi keng koʻlamli islohotlar davrida qonun ustuvorligiga rioya etgan holda, insofli soliq toʻlovchilar uchun teng raqobat sharoitini yaratish va yashirin faoliyat yuritayotgan subyektlarni aniqlash maqsadida 2019 yil 18 — 20 yanvar kunlari Toshkent shahrining 11 chiqish postida profilaktik tadbirlar oʻtkazildi.

Davlat soliq xizmati organlari xodimlarining Toshkent shahridagi chiqish postlarida olib borayotgan profilaktik tadbirlari bilan bogʻliq vaziyatga aniqlik kiritish uchun 19 yanvar kuni “Rohat” va “Chilonzor” postlarida boʻldik.

Foto: DSQ Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi.

Tadbirlarni oʻtkazish mobaynida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining navbatchiligi tashkil etildi hamda unga 43 nafar malakali xodim jalb qilindi.

Profilaktik tadbirlarning asosiy maqsadi esa yuk tashib oʻtayotgan avtotransport vositalari haydovchilariga qonuniy ishlashning ustunliklarini tushuntirish, tovarlar harakatini monitoring qilishdan iborat boʻldi.

Foto: DSQ Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi.

Tadbir davomida navbatchilikka jalb etilgan xodimlar tomonidan IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi inspektorlari yordamida davlat soliq xizmati organlari xodimlarining Odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilingan holda, transport vositalari harakatiga xalaqit berilmasdan, olib oʻtilayotgan yuklarning yoʻl hujjatlari tekshirildi va ulardan nusxa (elektron surat) olindi.

Profilaktik tadbir mobaynida xodimlarga yuklarni sanoqdan oʻtkazish yoki yuk xatiga toʻgʻri kelishini tekshirish, mahsulotlarni olib qoʻyish qatʼiyan man etildi.

Aytish kerakki, mazkur jarayonda soliqlarni vaqtida toʻlab, qonun normalariga rioya qilayotgan insofli soliq toʻlovchilarning oʻzlari bozordagi teng raqobat muhitiga hujjatsiz mahsulotlarini sotib, soliqlarni toʻlamay ishlayotgan “tadbirkorlar” salbiy taʼsir koʻrsatishayotganini bildirishdi.

Davlat soliq qoʻmitasi belgilangan tartibda qonuniy faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar faoliyatida hech qanday toʻsqinlikka yoʻl qoʻyilmasligini eslatib oʻtadi.

DSQ Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?