Toshkent shahridagi mahallalarda “Yashil doʻkon”lar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

18:20 11 Iyun 2020 Jamiyat
437 0

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan, Toshkent shahar prokuraturasi va hokimiyati bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida aholiga yana-da qulaylik yaratish, ularni asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida, poytaxtimizdagi aholi zich yashaydigan hududlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishga moʻljallangan 50 ta “Yashil doʻkon”lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlari jadal olib borilmoqda.

Hozirda mazkur doʻkonlarni qurilishini tashkil etish borasida “Yashil doʻkon”lar dislokatsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, doʻkonlarni barpo qilish choralari koʻrilmoqda.

Ushbu savdo maskanlarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini hamyonbop narxlarda aholiga yetkazilishini taʼminlash uchun hududlardan kamida 3 ta koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligini biriktirish maqsadida, Departament rahbariyati viloyatlarga chiqib, fermer xoʻjaliklarining salohiyati, ularning mavjud muammolari va imkoniyatlarini oʻrganmoqdalar.

Xususan, Departament boshligʻining birinchi oʻrinbosari U.Muxamedov Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyatdan biriktirilishi rejalashtirgan Sayxunobod tumanidagi “Inom” FX faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Jumladan, tashrifda fermer xoʻjaligining dala maydonlarida olma va nok koʻchatlari mavjud intensiv bogʻ, qovun, tarvuz, noʻxat, mosh, loviya, sabzi va boshqa oziq ovqat mahsulotlari ekilgan dalalar, shuningdek, pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri yetishtirilayotgan issiqxona va boshqa joylar koʻzdan kechirildi hamda fermer xoʻjaligining mavjud muammolarini joyida hal qilish choralari koʻrildi.

Shu oʻrinda,“Inom” FX toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga toʻxtaladigan boʻlsak, fermer xoʻjaligining 122 gektar yer maydonida bogʻdorchilik, baliqchilik, boshoqli don hamda poliz ekinlari, chorva mollari uchun ozuqa yetishtiriladi, bunda, bogʻ qator orasiga ekilgan 90 bosti ekinlari, yaʼni noʻxat, loviya, sabzi, qovun, tarvuz, pomidor kabi roʻzgʻorbob mahsulotlar bozorga yetkazilmoqda.

Ekilgan boshoqli dondan boʻshagan maydonlarda hozirda peshma-pesh ravishda kartoshka, sabzi, mosh, sholgʻom, qizil lavlagi va turp ekish rejalashtirilgan.

Poliz mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yerlardan 200 tonna poliz mahsulotlari shu oyning oxiriga qadar aholi ehtiyojini taʼminlash maqsadida bozorlarga chiqariladi.

Bundan tashqari, fermer xoʻjaligida issiqxona mavjud boʻlib, hozirda

u yerda yetishtirilgan pomidor, bodring va bulgʻor qalampiri mahsulotlari aholi ehtiyojlari uchun yetkazib berilmoqda.

Departament rahbariyati tomonidan faoliyati oʻrganilgan yana bir xoʻjalik bu – Sirdaryo tumanidagi koʻp tarmoqli “Sulton” FX boʻlib, ushbu xoʻjalik hududda oʻzining chorvachilik mahsulotlari bilan elga tanilgan.

Mazkur fermer xoʻjaligi oʻzining chorvachilik yoʻnalishida faoliyatini keng koʻlamda olib borish maqsadida, Daniyadan 300 bosh naslli qoramollarni olib kelgan boʻlib, hozirgi kunda ushbu naslli qoramollardan kuniga olinadigan 9 tonna sut mahsulotlari asosan tumandagi korxona

va tashkilotlarga yetkazib berilmoqda.

Shuningdek, ushbu naslli mollarning 30 foizi boʻrdoqichilikka moslashtirilgan boʻlib, tuman aholisi va tashkilotlarini goʻsht mahsulotlari bilan taʼminlash imkonini bermoqda.

Xoʻjalik nafaqat chorvachilik, balki qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan ham shugʻullanadi. Jumladan, 30 gektar ekin maydonda bogʻdorchilik, 35,8 gektarda baliqchilik, 130 gektarda boshoqli don ekinlari,

10 gektarda poliz ekinlari, 270 gektarda chorva mollari uchun ozuqa ekinlari, 37,2 gektarda sholi hamda 141,6 gektar maydonda urugʻlik chigit yetishtirmoqda.

Fermer xoʻjaligiga tegishli baliqchilik hovuzlarida eksport qilishga moʻljallangan “Afrika” baliqlari yetishtirilmoqda.

Poliz mahsulotlari yetishtirish uchun ajratilgan yerlardan 400 tonna mahsulot shu oyning oxiriga qadar aholi ehtiyojini taʼminlash maqsadida bozorga chiqarilishi kutilmoqda.

Demak, yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, ushbu fermer xoʻjaliklariga Departament va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amaliy yordamlar koʻrsatilib, ularning yetishtirgan mahsulotlarini “yashil” yoʻlaklar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri hech qanday toʻsiqlarsiz va oʻrtakashlarsiz “Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida isteʼmolchilarga yetkazib berilsa, bundan nafaqat fermer manfaat koʻradi, balki aholimiz ham hamyonbop narxlardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?