Toshkent shahridagi FHDYO organlarining faoliyati muhokama qilindi

09:39 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
200 0

Illyustrativ foto

2020-yil 12-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi bilan qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Toshkent shahridagi fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining tashkiliy-huquqiy taʼminoti, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, fuqarolarga malakali xizmat koʻrsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganlik holatini oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi.

Majlisda Senat aʼzolari, xalq deputatlari Toshkent shahar va tumanlar Kengashlari deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq FHDYO organlari Davlat xizmatlari agentligiga oʻtkazildi.

Ushbu idoralar tomonidan foydalanilayotgan moddiy-texnika jihozlari va boshqa mulk toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazilib, ularning xodimlariga ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarning toʻlanishi, faoliyatini moliyalashtirishga doir debitorlik va kreditorlik qarzdorliklar hisob-kitob qilingan. Qolaversa, fuqarolik holati dalolatnomalarini rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, gerb yigʻimi va pullik xizmat tushumlari uchun maxsus gʻazna hisobvaraqlari ochilgan.

Hozirgi paytda FHDYO organlarida masofani saqlagan holda toʻliq huquqiy xizmat koʻrsatilishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish va aholiga oʻz vaqtida huquqiy xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida shahar va tumanlar FHDYO boʻlimlari xodimlarining salomatligini muhofaza qilish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, aholiga qulayliklar yaratish maqsadida FHDYO organlarida onlayn toʻlov (biling) tizimi joriy etilgan. Shuningdek, mazkur idoralarning maxsus hisobvaraqlarini nazorat qilish uchun xat, xabarnoma va arizalarni roʻyxatga olishning elektron tarzda yuritilishi yoʻlga qoʻyilgan.

Jumladan, Toshkent shahrida jami 15 ta FHDYO organi mavjud. 2020-yilning 8 oyi davomida ular tomonidan jami 66 866 ta harakat rasmiylashtirilgan.

Majlisda Qoʻmita tomonidan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi bilan birgalikda oʻtkazilgan oʻrganish davomida ushbu idoralar faoliyati samarasini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan ayrim xato va kamchiliklar aniqlangani qayd etildi. Xususan, Yashnobod va Bektemir tumanlari boʻlimlarining binolari Davlat xizmatlari agentligi balansiga oʻtkazilmagan.

Shu bilan birga, FHDYO boʻlimlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan pullik xizmat toʻlovlari qayta koʻrib chiqilishi va ushbu undirilgan mablagʻlardan xodimlarga qoʻshimcha ustama haq toʻlash masalasi, qolaversa, ayrim boʻlimlarda ish hajmi koʻpligi, xodimlar tomonidan fuqarolarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish imkoni boʻlmayotganligini inobatga olgan holda qoʻshimcha shtatlarni joriy etish talab etilmoqda.

Shuningdek, Yunusobod, Yashnobod, Shayxontohur, Yakkasaroy, Chilonzor va Olmazor tumanlari arxiv maʼlumotlari “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kechiktirib kiritilgan.

Bundan tashqari, ayrim hududlarda FHDYO organlari oʻrtasida boshqa tashkilotlar bilan elektron maʼlumotlar almashinuvi yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida fuqarolarning asossiz moliyaviy xarajatlariga, navbatlar hosil boʻlib, ular koʻp vaqt kutib qolishiga, ayrim hollarda korrupsiya holatlariga olib kelmoqda.

Majlisda oʻrganish natijasida aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish va ushbu sohadagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek, mazkur masala yuzasidan Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Qoʻshma qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?