Toshkent shahridagi 81 ta maktabga qoʻshimcha kvota boʻyicha pullik qabul amalga oshirilmaydi

16:04 06 Avgust 2019 Jamiyat
182 0

Bu haqda XTV ota-onalarni ogohlantirdi:

“Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 7-iyundagi qarori bilan tasdiqlangan “Bolalarni davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti” keng jamoatchilikni eʼtirozlari va muhokamasiga sabab boʻlgan edi.

Shu bois, maʼmuriy reglamentga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilib, jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan edi. Muhokamalar joriy yilning 5-avgustida yakunlanganidan soʻng hujjat loyihasini yanada takomillashtirish maqsadida mutaxassislar tomonidan ota-onalarning bildirilgan takliflari oʻrganilmoqda. Ayni vaqtda asosli takliflar inobatga olinib, tasdiqlash uchun tayyorlanmoqda.

Hurmatli ota onalar!

Shuni alohida taʼkidlash joizki, 81 ta umumtaʼlim muassasasida hozirgi kunda oʻquvchilar soni sigʻimiga nisbatan 2-3 barobar ortib ketganligi, sanitar-gigiyenik meʼyorlarga mos kelmasligi, oʻquvchilar 2-3 smenada taʼlim olishlari, sinflarda oʻquvchilar soni 45-50 nafarga yetib kelganligi bois, ushbu maktablarda oʻquvchilarni qabul qilish boʻyicha reglament ishlab chiqilgan edi. Mazkur maktablar Toshkent shahridagi barcha maktab yoshiga yetgan oʻquvchilarni qamrab olish imkoniyatiga ega emas. Ushbu maktablarda qoʻshimcha kvota ularning qabul qilish imkoniyatidan kelib chiqib belgilanadi, barcha maktablarda ham qoʻshimcha kvota belgilanmasligi mumkin. Chunki 81 ta umumtaʼlim muassasalarining aksariyatida maktab quvvati mikrohududidagi maktab yoshiga yetgan bolalarni qabul qilishga yetadi. Ularda qoʻshimcha kvota uchun imkoniyati (maktab sigʻimi) mavjud boʻlmasligi mumkin.

Avval xabar berilganidek, loyihada qoʻshimcha kvota asosida pullik qabul bekor qilinmoqda. Bir necha bor ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar hamda vazirlikning rasmiy sayti orqali bu haqida keng jamoatchilik xabardor qilingan boʻlsada, shu kunlarda koʻplab ota-onalar Davlat xizmatlari markaziga qoʻshimcha kvota asosida qabul qilish masalasida murojaatlar qilmoqda.

Xabarlarga koʻra, ayni kunlarda Davlat xizmatlari markazida 70 % dan ortiq ota-onalar pullik qabul boʻyicha navbatga turishayotganligi va markaz xodimlaridan pullik qabul qilishni talab qilishmoqda.

Vazirlik ota-onalarni yana bir bor rasman qoʻshimcha kvota pullik asosida amalga oshirilmasligi haqida maʼlum qiladi. Xalq taʼlimi vazirligi aholidan Davlat xizmatlari markaziga qoʻshimcha kvota pullik qabul uchun navbatga turmasliklarini, oʻzlarining biriktirilgan mikrohududdagi maktablarga yoki davlat xizmatlari orqali qabul jarayonlari amalga oshirilmaydigan Toshkent shahridagi boshqa 228 ta maktablarning biriga joylashtirishni tavsiya etadi.

Bugungi kunda Davlat xizmatlari markazi orqali qabul qilinmaydigan Toshkent shahrida 228 ta maktabda qabul jarayonlari davom etayotganligini, ularga 36473 nafar oʻquvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan va bugungi kunga qadar 12 469 nafar oʻquvchi oʻrni mavjud.

Qoʻshimcha kvotalar boʻyicha qabul boshlanishi bilan bogʻliq yangiliklar Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan rasmiy veb sayti (www.uzedu.uz), ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari (@uzedu) va ommaviy axborot vositalariga eʼlon qilinadi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?