Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

23:55 19 Iyun 2018 Hujjatlar
435 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘tgan davr mobaynida poytaxtda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining yaqin hamkorligi asosida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish, huquq-tartibotni va fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, xizmatni o‘tashni tashkil etish amaliyotini o‘rganish sutkaning kechki va tungi vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mavjud kuch va vositalarini taqsimlashning yetarli darajada samarali emasligini ko‘rsatdi hamda bu poytaxtda kriminogen vaziyatga tezkor ta’sir ko‘rsatish, uni nazorat qilish va baho berish imkonini bermayapti. Ushbu vaqtda huquqbuzarliklar umumiy sonining yarmidan ko‘pi, ayniqsa, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning sodir etilayotganligi ham bundan dalolat beradi.

Toshkent shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining samaradorligini oshirish, sutkaning kechki va tungi vaqtida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ularning yaqin hamkorligini tashkil etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Oliy sudi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining 2018 yil 1 iyuldan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimiga quyidagilarni nazarda tutadigan “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasini (keyingi o‘rinlarda Konsepsiya deb yuritiladi) eksperiment tariqasida joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

soat 16:00 dan 8:00 ga qadar vaqt oralig‘ida ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya saf bo‘linmalari jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining kamida 70 foizini, shuningdek, jamoatchilik vakillarini (keyingi o‘rinlarda — jamoat tartibini ta’minlash kuchlari) jalb qilish orqali kunu tun uch smenali patrul rejimini tashkil etish;

ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari, ma’muriy sudlar, advokatura, shuningdek, sud-tibbiy ekspertiza xizmatlari xodimlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat faoliyatini to‘liq amalga oshirish, keyinchalik sutkaning kunduzgi vaqtida o‘n olti soat davomida ularni bevosita xizmat vazifalarini bajarishdan ozod etish;

huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldini olish va ularga chek qo‘yish maqsadida ichki ishlar organlari bo‘linmalari, birinchi navbatda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining patrul guruhlari hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga maksimal tezkorlik bilan yetib borishini ta’minlash.

2. Belgilab qo‘yilsinki:

patrullik qilish uchun biriktirilgan hududda jamoat tartibini buzish holatlari mavjud emasligi, ularning o‘z vaqtida oldi olinishi va ularga chek qo‘yilishi sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borayotgan jamoat tartibini ta’minlash kuchlari faoliyatini baholashning eng muhim mezonlari hisoblanadi;

sutkaning kechki va tungi vaqtidagi faoliyat jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining va jalb etilgan davlat organlari bo‘linmalari shaxsiy tarkibining yaqin hamkorligida tashkil etiladi;

jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan sutkaning kechki va tungi vaqtida avtomobillarda patrullik qilish aralash tartibda, ya’ni ham avtomobillarda, ham piyoda amalga oshiriladi;

sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borishga jalb etilgan jamoat tartibini ta’minlash kuchlari va davlat organlari shaxsiy tarkibining faoliyati davriy ravishda sutkaning kunduzgi vaqtidagi ish bilan almashtirib turiladi.

3. Konsepsiyani amalga oshirish doirasida jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va aloqa mobil markazlarining (keyingi o‘rinlarda — mobil markazlar) faoliyat yuritishi amaliyoti joriy etilsin va ular ichki ishlar bo‘limlari xizmat ko‘rsatish hududlariga biriktirilsin.

Quyidagilar mobil markazlarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borish davomida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari va jalb etilgan davlat organlari bo‘linmalarini nazorat qilish, boshqarish hamda ularning samarali hamkorligini tashkil etishda ichki ishlar bo‘limlariga ko‘maklashish;

hodisa sodir bo‘lgan yoki signal berilgan joyga jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining eng yaqin patrul guruhi darhol yetib kelishini ta’minlash orqali huquqbuzarliklar haqida kelib tushgan ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha tezkor chora ko‘rish;

jamoat tartibini ta’minlash kuchlarini muvofiqlashtirish va harakatlantirish maqsadida, jumladan, hodisa sodir bo‘lgan joyga bevosita chiqqan holda mobil shtab funksiyalarini bajarish;

ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda va odamlar gavjum joylarda tezkor va kriminogen vaziyatni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda bevosita kuzatish hamda vizual baholashni amalga oshirish;

jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tomonidan huquqbuzarlik holatlari aniqlangan va qidiruvdagi jinoyatchilar qo‘lga olingan hollarda ichki ishlar va prokuratura organlarining profilaktika, tezkor va tergov bo‘linmalari jalb etilishini tashkil qilish.

4. Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha uzluksiz kunu tun xizmat rejimini tashkil etish sxemasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari lavozimlari tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlariga o‘zgartirilsin hamda ular zimmasiga quyidagilar yuklansin:

jamoat tartibini saqlashning, ayniqsa, sutkaning kechki va tungi vaqtida natijadorligini ta’minlash bo‘yicha faoliyatni tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik;

ichki ishlar organlarining patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yong‘in xavfsizligi, qo‘riqlash, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalarining samarali va o‘zaro bog‘liq faoliyat yuritishini tashkil etish bo‘yicha vazifalar.

9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashining Toshkent shahrining har bir mahallasida “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlarini (keyingi o‘rinlarda — jamoatchilik guruhlari) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin hamda ushbu guruhlar tarkibi:

muddatli harbiy xizmatni o‘tash niyatida mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limiga murojaat qilgan harbiy xizmatga chaqiriluvchilar;

respublika oliy harbiy ta’lim muassasalariga, shuningdek, ichki ishlar organlarining ta’lim muassasalariga kirish istagini bildirgan nomzodlar;

ichki ishlar organlarida xizmat qilish istagini bildirgan nomzodlar orasidan shakllantirilishi nazarda tutilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

jamoatchilik guruhlari tarkibiga kirish mudofaa ishlari bo‘yicha tuman bo‘limlari yoki ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan yo‘llanmalar asosida amalga oshiriladi;

jamoatchilik guruhlari ular faoliyat olib boradigan mahalla hududida yashovchi yoshlardan shakllantiriladi;

jamoatchilik guruhlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha javobgarlik tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklanadi;

jamoatchilik guruhlarining har bir a’zosi sutkaning kechki va tungi vaqtida belgilangan yo‘nalish bo‘yicha umumiy

100 soatdan kam bo‘lmagan vaqt miqdorida patrullik qilishga jalb etiladi va bu xizmatga (o‘qishga) hujjatlarni yakuniy qabul qilishga asos hisoblanadi;

o‘zining mahallasida huquq-tartibotni ta’minlashda faol qatnashgan jamoatchilik guruhi a’zolariga profilaktika inspektorlari tomonidan fuqarolar yig‘inlari raislari bilan birgalikda xizmatga (o‘qishga) tanlov o‘tkazishda inobatga olinadigan tavsiyanomalar berilishi mumkin.

10. 2018 yil 1 avgustdan Toshkent shahrida jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida xizmat olib borayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarga har oylik ish yakuni bo‘yicha patrullik hududida og‘ir va o‘ta o‘g‘ir jinoyatlarga bevosita chek qo‘yganligi, ularni aniqlaganligi yoki fosh etganligi, shuningdek, tergov va suddan yashiringan shaxslarni ushlaganligi uchun lavozim maoshining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorda bir martalik pul mukofoti berish tartibi o‘rnatilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bir oy muddatda Toshkent shahar tumanlari ma’muriy sudlarining shtat birliklarini qayta taqsimlash va ko‘paytirish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bir oy muddatda:

Toshkent shahrida tumanlararo sud-tibbiy ekspertiza punktlarini eng muqobil joylashtirish zaruratini inobatga olgan holda ularni ochish va faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritsin;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini, jumladan, olib yuriladigan texnik vositalar orqali aniqlashning soddalashtirilgan tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga sutkaning kechki va tungi vaqtida protsessual harakatlarni o‘tkazishda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va ularga malakali yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish tavsiya etilsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiya bilan birgalikda Konsepsiya talablarini inobatga olgan holda ikki hafta muddatda:

jamoat tartibini ta’minlash kuchlari tarkibida birgalikda patrullik xizmatini o‘tash tartibini, jumladan, avtomobillarda va piyoda patrullik qilishning aralash uslublari mexanizmini nazarda tutgan holda ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

amaldagi patrul yo‘nalishlarining joylashuvini o‘zgaruvchan operativ va kriminogen vaziyatga muvofiq tarzda jamoat tartibini saqlash kuchlarini tezkor harakatlantirish mexanizmini joriy etgan holda qayta ko‘rib chiqsin;

sutkaning oraliq vaqtiga muvofiq jamoat tartibini ta’minlash kuchlari shaxsiy tarkibining qayta taqsimlanishini ta’minlasin;

sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash bo‘yicha o‘z xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatining samaradorligini oshirish choralarini ko‘rsin.

19. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Konsepsiyaga muvofiq sutkaning kechki va tungi vaqtida xizmat olib borayotgan hamda faoliyat yuritayotgan xodimlar va harbiy xizmatchilarning ovqatlanishini tashkil etish va buning uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

20. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oliy sud va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

a) quyidagilarni nazarda tutgan holda muqaddam sudlangan shaxslar bilan ishlash tizimini takomillashtirish:

shaxsni muqaddam sudlangan deb topishda qonun hujjatlari normalariga qat’iy rioya etish;

o‘qishga, ishga kirishda yoki boshqa hollarda sudlanganlik holati tugallangan yoki sudlanganligi olib tashlangan shaxslarning sudlanganligi haqidagi ma’lumotlarni yozib qo‘yish amaliyotiga barham berish;

muqaddam sudlangan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish;

b) sutkaning kechki va tungi vaqtida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish tartibini soddalashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.

21. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi bir oy muddatda “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlarining faoliyat yuritishini tashkil etish tartibi, faoliyatni baholash mexanizmi va mezonlarini belgilaydigan “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlari to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

22. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksini amalga oshirish jarayonida Toshkent shahrining barcha ichki ishlar bo‘limlarini shaxsning yuzini va transport vositalarining davlat raqami belgisini intellektual tanib olish tizimi bilan jihozlashni nazarda tutsin.

23. Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish respublika komissiyasi (N. Yo‘ldoshev) Toshkent shahrida Konsepsiya samarali amalga oshirilishining tizimli monitoringini ta’minlasin hamda 2018 yil yakuni bo‘yicha bunday amaliyotni respublikaning boshqa hududlarida joriy etish yuzasidan takliflar kiritsin.

24. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ichki ishlar organlari patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlarining jamoat tartibini saqlashda namuna ko‘rsatgan xodimlariga mahalliy ishlab chiqarilgan arzon yengil avtotransport vositalarini sotib olish uchun imtiyozli kredit berish bo‘yicha taklif kiritsin;

bir oy muddatda mobil markazlar ishini tashkil etish tartibini tasdiqlasin, bunda ular tomonidan jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining o‘zaro muvofiqlashgan hamkorligini tashkil etishning uyg‘un mexanizmlari va ularning huquqbuzarliklarga tezkor munosabat bildirishi nazarda tutilsin;

bir oy muddatda ushbu qaror talablarini inobatga olib, pul mukofoti tizimining aniq mezonlarini nazarda tutgan holda, jamoat tartibini ta’minlash kuchlarining faoliyatini baholash tartibini belgilaydigan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini kiritsin;

ikki oy muddatda respublika ichki ishlar organlarining amaldagi shtat birliklarini tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin hamda Toshkent shahar ichki ishlar organlari patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlarining tuzilmasini takomillashtirish va shtat birliklarini ularning real ish hajmini hisobga olgan holda ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rsin;

ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ichki ishlar organlari patrul-post xizmatlari bo‘linmalarini individual himoya va faol mudofaaning zamonaviy maxsus vositalari bilan jihozlash dasturini kiritsin;

uch oy muddatda kompleks tahlil asosida Toshkent shahar ichki ishlar organlari patrul-post va yo‘l-patrul xizmatlarining avtomobil parkini bosqichma-bosqich qayta jihozlash va mustahkamlash bo‘yicha taklif kiritsin.

25. Belgilansinki, ushbu qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar byudjet mablag‘lari, manfaatdor vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari mablag‘lari, shuningdek, qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar doirasida amalga oshiriladi.

26. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V. V. Maxmudov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori O. B. Murodov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B. M. Mavlonov va O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P. R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018 yil 19 iyun


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?