Toshkent shahrida nega Yangihayot tumani tashkil etilmoqda?​

15:22 08 Sentyabr 2020 Siyosat
224 0

Bugun Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisi oldidan bizning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitamiz oʻz majlisida Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini oʻzgartirish, shuningdek, Namangan viloyatining Namangan shahri tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqdi.

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida joriy yilning may oyida Toshkent shahrining Zangiota va Sergeli tumanlariga hamda iyun oyida Namangan viloyatiga tashrif buyurgan edi.

Ushbu tashriflar davomida Toshkent shahri va Namangan viloyatining salohiyatini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan qator yangi gʻoyalar ilgari surildi, masʼullarga tegishli amaliy koʻrsatmalar va vazifalar berildi.

Xususan, Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalaga alohida toʻxtalish joiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasi, “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida”gi Qonunining 18 va 25 moddalariga muvofiq “Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish hamda Toshkent shahri va Toshkent viloyatining chegaralarini oʻzgartirish toʻgʻrisida”gi Oliy Majlis Senatining Qarori loyihasi ishlab chiqilgan.

Eslatish joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklif Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Ushbu taklif joriy yil iyul oyida Toshkent viloyati va Toshkent shahri aholisi tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, tegishli masala Xalq deputatlari Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari tomonidan maʼqullangan.

Yangidan barpo etilayotgan Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2 ming 131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2 ming 288,4 gektar, jami 4 ming 419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

Bu bilan Yangihayot tumanida 115 ta sanoat korxonalari (shundan 13 ta yirik va 102 ta kichik korxonalar), 277 ta xizmat koʻrsatish korxonalari, 1 148,8 gektar qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlari boʻlishi nazarda tutilgan.

Qayd etish lozimki, yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahar boʻysunuvidagi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etib, shahar aholisining 5,8 foizni qamrab oladi, shuningdek, 47 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman boʻlimlari tashkil etilishi boshqaruv samaradorligi oshishiga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, aholi bandligini taʼminlash va turmush sharoitini yaxshilash maqsadida tumanni kompleks rivojlantirish va kelgusida istiqbolini belgilash boʻyicha alohida Dastur ishlab chiqilishi belgilangan.

Yangihayot tumani hududi Toshkent shahridan jami 2 131,2 gektar (shundan Sirgʻali tumanidan 1864,2 gektar va Bektemir tumanidan 267,0 gektar), Toshkent viloyatidan jami 2 288,4 gektar (shundan Zangiota tumanidan 492,0 gektar, Quyi Chirchiq tumanidan 128,7 gektar, Yangiyoʻl tumanidan 264,4 gektar va Oʻrta Chirchiq tumanidan 1403,3 gektar) hisobidan shakllantirilmoqda.

Yangi tuman hududida 30 ta mahalla fuqarolari yigʻini, 41 266 ta xonadon, 909 ta koʻp qavatli uy, 24 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, 21 ta umumtaʼlim maktabi, 2 ta kasb-hunar kolleji, 7 ta tibbiyot muassasasi va 4 ta madaniyat markazi obyektlari mavjud boʻladi.

Shunisi eʼtiborliki, masalaning ijobiy hal etilishi, mazkur hududlar uchun Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni, shu jumladan, hududlarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib tasdiqlanadigan mahalliy dasturlarni toʻliq roʻyobga chiqarishning muhim omillaridan boʻladi.

Qutbiddin Burxonov, 
Oliy Majlis Senati
Mudofaa va xavfsizlik qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?