Toshkent shahrida “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filialini tashkil etish va uning faoliyatini tashkillashtirish to‘g‘risida

08:37 23 Iyul 2018 Hujjatlar
180 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika sanoat tarmoqlari uchun malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish, oliy ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, “Rosatom” atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi, “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) Toshkent shahrida “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining filialini (keyingi o‘rinlarda “MMFI” MTYAU filiali deb yuritiladi) ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar “MMFI” MTYAU filiali faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblansin:

yadro energetikasi va issiqlik fizikasining tarmoq ehtiyojlarini qondirish uchun eng muhim ilmiy-texnologik ishlab chiqarish vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlash;

mutaxassislar va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini ta’lim va ilm-fan uzluksizligi va izchilligi prinsipi, shuningdek, jahon ta’lim hamda ilmiy hamjamiyatiga muvofiq ravishda albatta integratsiyalashtirish asosida rivojlantirish;

yadro fizikasi sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;

muhandis-texnik kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan yangi ta’lim dasturlari va o‘qitish shakllarini ishlab chiqish hamda joriy etish;

pedagogik salohiyatni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitishning pedagogik uslublari va texnologiyalarini faol takomillashtirish;

ta’lim va ilmiy-texnik sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish hamda mustahkamlash.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

“MMFI” MTYAU filiali oliy ta’lim muassasasi — yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan notijorat tashkilot shaklidagi O‘zbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi;

“MMFI” MTYAU filiali “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (Rossiya Federatsiyasi) (keyingi o‘rinlarda — bosh muassasa) alohida bo‘linmasi sifatida kadrlarga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, bosh muassasa bilan kelishilgan o‘qitishning asosiy yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi va ularning malakasini oshiradi, shu jumladan, ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlaydi;

“MMFI” MTYAU filiali o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi;

“MMFI” MTYAU filialida o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta’lim standartlarining talablari inobatga olingan holda, bosh muassasa tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi;

“MMFI” MTYAU filialining ta’lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi;

“MMFI” MTYAU filialiga abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda, bosh muassasa tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

“MMFI” MTYAU filiali bitiruvchilariga o‘qish tamomlanganidan so‘ng bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va bu diplom O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi.

4. Bosh muassasa:

o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalari, ilm-fan va texnikaning eng yangi yutuqlari joriy etilishini;

“MMFI” MTYAU filiali mutaxassislarining malakasi oshirilishini va professor-o‘qituvchilarining qayta tayyorlanishini;

“MMFI” MTYAU filiali kutubxona fondining shakllantirilishi hamda zamonaviy o‘quv, o‘quv-uslubiy va

ilmiy-texnik adabiyotlar bilan to‘ldirilishini

ta’minlashga ko‘maklashishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

5. Quyidagilar:

“MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (Rossiya

Federatsiyasi) Toshkent shahridagi filialida mutaxassislarni o‘qitish va tayyorlashning asosiy yo‘nalishlari

(mutaxassisliklari) 1-ilovaga muvofiq;

“MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (Rossiya

Federatsiyasi) Toshkent shahridagi filiali Vasiylik

kengashining (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi)

tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

“MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti” federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining (Rossiya

Federatsiyasi) filialini Toshkent shahrida tashkil etish bo‘yicha Tashkiliy komissiya tarkibi 3-ilovaga muvofiq

ma’qullansin.

6. Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Ulug‘bek

shaharchasi, Xuroson ko‘chasi 1-uyda joylashgan qurilishi tugallanmagan radiokimyoviy kompleks unga tutash hududlari bilan birga beg‘araz foydalanish huquqi asosida

keyinchalik joylashtirish uchun “MMFI” MTYAU filialiga berilsin.

7. Tashkiliy komissiya (A. S. Sultonov):

2019 yil 1 iyulga qadar muddatda “MMFI” MTYAU filiali bino va inshootlarining rekonstruksiya qilinishini, shuningdek, “MMFI” MTYAU filiali talabalari va o‘qituvchilari yashashi uchun yotoqxona tayyorlanishini;

2019 yil 31 avgustga qadar muddatda “MMFI” MTYAU filiali joylashtirilishini hamda uning zarur mebel, inventarlar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika, kutubxona fondi bilan jihozlanishini ta’minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019 yil va keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantirishda ularga “MMFI” MTYAU filialining bino va inshootlarini tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash hamda jihozlash yuzasidan loyihalarning belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

9. Belgilab qo‘yilsinki:

a) “MMFI” MTYAU filialiga qabul kvotasi manfaatdor vazirlik va idoralarning kadrlarga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olingan holda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi, bosh muassasa bilan kelishilgan holda tayyorlangan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining asoslantirilgan takliflari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi;

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda malakali kadrlarni tayyorlashga bo‘lgan ehtiyojni har yili tahlil qilib boradi hamda tahlil natijasiga ko‘ra “MMFI” MTYAU filialiga kelgusi o‘quv yillarida ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha talabalarni qabul qilish soni yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

b) Vasiylik kengashining qaroriga muvofiq “MMFI” MTYAU filiali xodimlariga ularning yuqori malakasi, ixtisoslashtirilgan kompyuter komplekslari bilan ishlash ko‘nikmalari uchun “MMFI” MTYAU filialining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan shaxsiy ustama belgilanishi mumkin;

v) “MMFI” MTYAU filialining davlat grantlari asosida o‘qigan bitiruvchilari respublika ishlab chiqarish-sanoat tarmoqlari tashkilotlarida kamida besh yil ishlab berish sharti bilan ishga taqsimlanadi;

g) “MMFI” MTYAU filialining faoliyati:

“MMFI” MTYAU filialiga davlat grantlari bo‘yicha qabul qilinadigan talabalarni o‘qitish, shuningdek, yadro energetikasi va texnologiyalarini rivojlantirish sohasida ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirish uchun Fanlar akademiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Vasiylik kengashining qarorlari asosida shakllantiriladigan pul mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda maqsadli badallari;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

d) “MMFI” MTYAU filialini tashkil etish, uning moddiy-texnika va o‘quv bazasini shakllantirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy tadbirlarni moliyalashtirish, shu jumladan, ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish, bino va

inshootlarni zarur mebel, inventar, zamonaviy o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnika bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari va Vasiylik kengashi tomonidan shakllantiriladigan mablag‘lar, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

ye) bosh muassasadan jalb qilinadigan professor-o‘qituvchilarning xizmat safari xarajatlarini to‘lash:

30 sutkagacha bo‘lgan qisqa muddatli xizmat safarlari bo‘yicha — Rossiya Federatsiyasining qonun hujjatlari bilan oliy ta’lim muassasalari xodimlari uchun nazarda tutilgan normalarga muvofiq;

uzoq muddatli xizmat safarlari bo‘yicha, o‘quv jarayoni ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda — tuzilgan shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi;

j) “MMFI” MTYAU filialini saqlash uchun byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar 2019 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining “Maorif” uchun xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi.

10. “MMFI” MTYAU filialiga o‘qituvchilik va ilmiy ishlar uchun taklif etiladigan xorijiy professor va o‘qituvchilarning yashash hamda transport xarajatlarini tuziladigan shartnomalar asosida O‘zbekiston Respublikasi

fuqarolari uchun belgilangan tariflar bo‘yicha to‘lashga

ruxsat etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bosh muassasa hamda “O‘zbekneftgaz” AJ bilan birgalikda:

bir oy muddatda belgilangan tartibda “MMFI” MTYAU filialining ta’sis hujjatlari ishlab chiqilishi,

kelishilishi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini;

ikki oy muddatda “MMFI” MTYAU filiali tashkiliy tuzilmasining tasdiqlanishini;

2019 yil 1 avgustga qadar muddatda “MMFI” MTYAU filialining malakali professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan tanlov asosida to‘ldirilishini ta’minlasin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “MMFI” MTYAU filialiga ikkita yengil xizmat avtotransport vositasini, shu jumladan, bitta biriktirilgan avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “MMFI” MTYAU filialining buyurtmalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolari uchun kirish vizalari konsullik hamda boshqa yig‘imlar undirilmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “MMFI” MTYAU filialining buyurtmalariga binoan xorijiy professor-o‘qituvchilar va ma’muriy xodimlar, shuningdek, ularning oila a’zolariga davlat boji undirilmasdan ko‘p martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini hamda ularning O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda “MMFI” MTYAU filialining buyurtmalariga binoan “MMFI” MTYAU filialini tashkil etishda va uning faoliyatida ishtirok etuvchi xorijiy malakali mutaxassislarni respublikaga jalb qilishga belgilangan tartibda ruxsatnomalar berishni (uzaytirishni), shuningdek, xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga tasdiqnoma berishni (uzaytirishni) ta’minlasin.

16. “MMFI” MTYAU filiali 2021 yil 1 yanvarga qadar muddatda “MMFI” MTYAU filialini jihozlash va uning faoliyatini ta’minlash uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan o‘quv va ilmiy laboratoriya asbob-uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, o‘quv va ilmiy-uslubiy

adabiyotlar, inventar va moddiy-texnika resurslari bojxona to‘lovlaridan (bojxona yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

18. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari

A. A. Abduhakimov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A. S. Sultonov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2018 yil 20 iyul


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?