Toshkent shahrida “Insofli soliq toʻlovchi” tizimi namuna sifatida joriy etiladi

20:42 27 Iyul 2020 Iqtisodiyot
240 0

Avvalroq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazgani haqida xabar bergan edik.

Yigʻilishda Soliq islohotlarini izchil davom ettirib, yashirin iqtisodiyotga yoʻl qoʻymaydigan tizim joriy etish vazifasi qoʻyildi. “Insofli soliq toʻlovchi” tizimini shakllantirib, shu yil yakuniga qadar Toshkent shahrida namuna sifatida amalga oshirishga koʻrsatma berildi.

Davlat xaridlari va investisqiya loyihalarida korrupsiyaga chek qoʻyish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Moliya vazirligiga bu borada shaffoflikni taʼminlash, jamoat nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirildi.

Endilikda har bir investitsiya loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazilishi belgilandi. 2021-yildan boshlab ushbu tizim markazlashgan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.

Davlat organlarida ham yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi muvofiqlik tizimi joriy etilmoqda. Xususan, Qurilish, Sogʻliqni saqlash hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarida, “Oʻzbekneftgaz” va “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatlarida bu borada ishlar boshlangan. Yil yakunigacha yana 14 ta tashkilotda va davlat ulushiga ega 10 ta bankda ushbu tizimni joriy etish vazifasi qoʻyildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?