Toshkent shahrida 49 ming 610 nafar fuqaro daromad soligʻi toʻlovchisiga aylandi

14:58 30 Aprel 2019 Iqtisodiyot
296 0

Joriy yilning oʻtgan davrida poytaxtimizda turli sohalarda noqonuniy ravishda ishlayotgan 49 ming 610 nafar fuqaro jismoniy shaxslarning daromad soligʻi toʻlovchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi, deya xabar bermoqda Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.

Yaʼni tadbirkorlar yangi soliq konsepsiyasi bergan imkoniyatlarni yaxshi anglagan holda norasmiy yollangan fuqarolar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomasini rasmiylashtirmoqda. Natijada, soliq bazasi kengaymoqda.

Qayd etish joizki, davlat soliq xizmati organlari tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan targʻibot ishlariga qaramasdan fuqarolarni noqonuniy ravishda ishga jalb qilish holatlari uchramoqda. Jumladan, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan Sergeli tumani, Yangi Sergeli koʻchasida faoliyat yuritayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchasida oʻtkazilgan koʻzdan kechirish tadbirlarida 15 nafar fuqaro mehnat shartnomasi tuzmasdan ishlayotgani aniqlandi.

Xuddi shuningdek, poytaxtimizning Mirobod tumani, Afrosiyob koʻchasida joylashgan savdo doʻkoni faoliyati oʻrganilganida, qogʻozda boshqa-yu, amalda esa oʻzgacha holat ekanligi maʼlum boʻldi. Yaʼni, xaridorlar bilan gavjum savdo doʻkonida davlat soliq xizmati organlariga taqdim etilgan hisobotlarda koʻrsatilmagan 22 nafar fuqaro norasmiy ravishda ishlayotgani aniqlandi.

Maʼlumot uchun aytish joizki, joriy yilning oʻtgan davrida Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshirilgan koʻzdan kechirish, tushuntirish va targʻibot tadbirlari natijasida sanoat korxonalarida ishlayotgan 21 ming 140 nafar, qurilish korxonalaridagi 5 ming 80 nafar, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish korxonalarida 8 ming 853 nafar, transport va xizmat koʻrsatish korxonalarida faoliyat yuritayotgan 1 ming 869 nafar, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan norasmiy ravishda yollangan 1 ming 935 nafar va boshqa korxonalarda ishlayotgan 10 ming 733 nafar fuqaro jismoniy shaxslarning daromad soligʻi toʻlovchisiga aylandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?