Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi? — dolzarb savollarga aniq javoblar

12:46 21 Noyabr 2020 Jamiyat
319 0

Bugun AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Davlat xizmatlari agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova Agentlik faoliyatiga oid aholi savollariga javob qaytardi.

Savol: Koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomalarini qanday davlat roʻyxatidan oʻtkazish mumkin?

Javob: Koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun ariza beruvchilar Davlat xizmatlari markazlariga oʻzi kelib murojaat etadi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida davlat xizmatidan elektron shaklda foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtadi va soʻrovnomani toʻldiradi. Soʻrovnomaga koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomasi ilova qilinadi.

Koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomasini davlat roʻyxatidan oʻtkazganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1,25 baravari miqdorida yigʻim undiriladi. Davlat xizmatidan YAIDXP orqali foydalanilganda yuqoridagi yigʻim summasining 90 foizi undiriladi.

Vakolatli organ soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng bir ish kuni mobaynida shartnomani davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.

Agar vakolatli organ tomonidan koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad qilingan taqdirda ariza beruvchi roʻyxatdan oʻtkazish rad etilgan kundan boshlab oʻn kun mobaynida shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻimni toʻlamasdan qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Savol: Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxatga olish qanday amalga oshiriladi?

Javob: Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi boʻyicha vaqtincha roʻyxatga qoʻyish uchun ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga, Davlat xizmatlari markazlariga yoki xizmatdan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) roʻyxatdan oʻtadi hamda quyidagi hujjatlarga asosan soʻrovnoma toʻldiriladi:

— mulkdor va doimiy roʻyxatga olinayotgan fuqaroning pasporti yoki ID-kartasi;

— 16 yoshga toʻlmagan shaxslar uchun- tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;

— Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchisining shaxsiy guvohnomasi (kazarmalar va kemalardan tashqarida yashaydigan harbiy xizmatchilar uchun) 

harbiy hisob hujjatlari.

BHMning 2 % miqdorida YAIDXP orqali yuqoridagi summaning 90 foizi undiriladi.

Soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng bir ish kuni ichida idoralararo maʼlumot almashinuv orqali taqdim etiladi. (alohida holatlarda bu muddat 3 kungacha choʻzilishi mumkin).

Savol: Topib olingan (tashlab ketilgan) bolalarni tugʻilishini qayd etish tartibi qanday, buning uchun kimga murojaat etish lozim?

Javob: Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalariga asosan topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tugʻilganligini qayd etish ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa maʼmuriyati yoki tibbiyot muassasasining arizasiga binoan amalga oshiriladi.

Bolani topib olgan shaxs bu haqda yigirma toʻrt soat mobaynida ushbu tumandagi ichki ishlar organiga yoki vasiylik va homiylik organiga xabar berishi kerak.

Ichki ishlar, vasiylik va homiylik organlari, bola joylashgan muassasa yoki tibbiyot muassasasi maʼmuriyati bola topilganidan keyin yetti ish kunidan kechikmagan muddatda FHDYO organlariga topib olingan (tashlab ketilgan) bolani qayd etish haqida murojaat etishlari shart. Yuqorida nomi qayd etilgan qarorga koʻra, muddat aniq belgilandi.

Topib olingan (tashlab ketilgan) bola tugʻilganligini qayd etish haqidagi ariza bilan bir paytda:

— ichki ishlar organi yoki vasiylik va homiylik organining bolaning topib olingan vaqti, joyi va topib olingan paytdagi holati toʻgʻrisida bola topib olingan vaqtda tuzilgan dalolatnomasi;

— tibbiy muassasaning topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning yoshi, jinsi, vazni va boʻyi haqidagi maʼlumotnomasi (xulosasi) taqdim etilishi zarur.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?