Toshkent shahri haydovchilari — eng ko‘p qoida buzuvchilar ro‘yxatida yetakchi

15:37 18 May 2018 Jamiyat
542 0
Foto: opennov.ru

Toshkent viloyatidan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega M39 “Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz” avtomobil yo‘lida o‘rnatilgan qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi fotoradarlar tomonidan 16 mayga qadar 51 mingdan ortiq qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar tarqatdi.

Sodir etilgan qoidabuzarliklarni viloyatlar kesimida tahlil qilganda eng ko‘p Toshkent shahri haydovchilari ekanini kuzatish mumkin. Toshkent shahriga tegishli bo‘lgan avtomobil egalari tomonidan 15 ming 796 holatda belgilangan tezlik talabiga rioya etmaslik qayd etilgan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinni Toshkent viloyati haydovchilari 8 ming 367, Samarqand viloyati haydovchilari 4 ming 335 ko‘rsatkich bilan egallagan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati haydovchilari 3 ming 283, Jizzax viloyati haydovchilari 3 ming 51, Sirdaryo viloyati haydovchilari 2 ming 990, Surxondaryo viloyati 1 ming 620, Buxoro viloyati 1 ming 19, Xorazm viloyati haydovchilari 607, Navoiy viloyati haydovchilari 603, Farg‘ona viloyati haydovchilari 447, Qoraqalpog‘iston Respublikasi haydovchilari 433, Andijon viloyati haydovchilari 358 va Namangan viloyati haydovchilari 314 tadan belgilangan tezlikni oshirish qoidabuzarligini sodir etgan.

Ular ichida bir necha bor qoida buzgan avtomobil egalari ham bor. Masalan, “COBALT” rusumli, davlat raqami 01 V 48? XA bo‘lgan avtomashina 6 marotaba qoida buzgan. Uning egasiga nisbatan 3 million 100 ming 320 so‘m miqdorida, davlat raqami 10 Q 93? HA bo‘lgan “KIA KREDOS” rusumli avtomashina egasi esa 5 marotaba belgilangan tezlik talabiga amal qilmagani uchun 2 million 928 ming 80 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?