Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga 150 ta zamonaviy “Ford” reanimobillari topshirildi

16:19 10 Yanvar 2020 Jamiyat
323 0

Foto: Hasan Paydoyev, “Xalq soʻzi”.

Poytaxtimizda xorijdan keltirilgan tez tibbiy yordam xizmatida foydalaniladigan 150 ta “Ford” rusumidagi eng zamonaviy reanimobillar topshirildi.

 

Endilikda barcha qulayliklarga ega ushbu mashinalar tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilishi barobarida mamlakatimizda tez tibbiy xizmat koʻrsatish sohasi mutlaqo yangi innovatsion, sifat jihatdan yuksak, barcha xalqaro talablarga toʻliq javob beruvchi tizimga oʻtmoqda.

 

Aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam koʻrsatish zamonaviy tibbiyotning muhim yoʻnalishi sanaladi. Mamlakatimizda bu yoʻnalishda yaratilgan zamonaviy tibbiyot tizimi yildan-yilga takomillashmoqda. Keyingi uch yil mobaynida bu sohani rivojlantirish boʻyicha Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari qabul qilinib, mazkur tizimning huquqiy asoslari takomillashtirildi.

 

Tez tibbiy yordam xizmatining maxsus sanitar avtotransport parki ham yangilandi. 2017- 2018-yillar mobaynida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta 1500 ta tez tibbiy yordam xizmati uchun yangi ixtisoslashgan avtomashinalar xarid qilindi. Natijada bugungi kunda tizimda ikki yarim mingga yaqin zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

 

Oxirgi yillarda tez tibbiy yordam xizmatiga ajratilayotgan mablagʻ ham bir necha barobar oshdi. Jumladan, bitta chaqiriqqa tez tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida ishlatiladigan dori vositalari uchun sarflangan mablagʻning dori vositalari boʻyicha narxi respublika boʻylab qariyb oʻn barobarga oʻsib,5 800 soʻmga yetdi.

 

Bundan tashqari, tez yordam brigadalari dislokatsiyasi qayta koʻrib chiqilib,aholi yashash punktlariga yaqinlashtirildi. Bugungi kunda 844 ta qishloq oilaviy poliklinikalarida tez tibbiy yordam tayanch punktlari tashkil etildi. Buning natijasida tez yordam brigadalarining xizmat koʻrsatish radiusi 15-20 kilometrdan 8-12 kilometrgacha qisqardi. Endilikda yurtimizda har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi xizmat koʻrsatmoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

 

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?