Toshkent shahar perinatal markazi xodimlari ishsiz va oyliksiz qoldirilmagan - SSV

09:16 07 Avgust 2020 Jamiyat
230 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar perinatal markazi xodimlarining videomurojaati tarqaldi. Unda aytilishicha, mazkur tugʻruq majmuasi COVID-19 bilan kasallangan homilador ayollarni qabul qilish uchun moslashtirilgandan soʻng bir guruh xodimlar uyda ishsiz qolib ketgan. Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, vazirlik mutaxassislari bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida ushbu markazga borgan. Xodimlar bilan muloqot davomida maʼlum boʻlishicha, mavjud vaziyat haqida yetarlicha tushuntirishlar berilmagani natijasida ular orasida qator savollar paydo boʻlgan.

Aslida, murojaatda aytilganidek, xodimlar ishsiz va oyliksiz qoldirilmagan. Koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolash uchun moslashtirilgan 200 nafar bemorni qabul qilish quvvatiga ega ushbu shifoxonada hozirda 27 nafar homilador ayol koronavirusdan davolanmoqda.

Shuning uchun markaz xodimlarining bir guruhi 14 kunlik navbatchilikda boʻlib, qolgan xodimlar esa yaxlit grafik asosida keyingi 14 kunlik navbatchilik uchun safarbar qilinadi. Ammo ayni paytda navbatchilikda boʻlmagan xodimlarga ham belgilangan tartibda oylik maoshlari toʻlab beriladi.

Shuningdek, homilador ayollarni qabul qiluvchi shifoxonalar yetishmayotgani haqidagi fikrlarga javoban vazirlik “Toshkent shahrida 12 ta tugʻruq muassasasi mavjud boʻlib, ayni vaqtda shahar 3 va 7-son tugʻruq komplekslari va Toshkent shahar perinatal markazi koronavirusga chalingan homiladorlarni qabul qilmoqda. Ushbu tugʻruq komplekslariga biriktirilgan homilador va tugʻuvchi ayollar esa poytaxtimizdagi qolgan 9 ta tugʻruq kompleksiga va Respublika perinatal markaziga dislokatsiya asosida taqsimlangan”, — deya tushuntirish bergan.

Murojaatchilar bilan oʻtkazilgan muloqot yakunida ularga koronavirusga chalingan homilador ayollar bilan ishlash boʻyicha uch kunlik oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazishga kelishib olingan. Buning natijasida tibbiyot xodimlari keyingi 14 kunlik navbatda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun tayyorgarlik oʻtaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?