Toshkent shahar Kengashining sessiyasida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi

13:37 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
441 0

2019-yil 18-sentyabr kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining sessiyasi boʻlib oʻtdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokamasiga bagʻishlangan sessiya selektor shaklida oʻtkazildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, shahar Kengashi deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Sessiya ishida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Kun tartibi doirasida parlament ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahrida tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar holatini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Toshkent shahri yuksak iqtisodiy salohiyati, qulay investitsion va infratuzilma sharoitlari hamda mehnat resurslari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotida yetakchi oʻrin egallaydi. Ayniqsa, keyingi uch yil davomida poytaxtimizda barcha sohalarda yuksalish kuzatilmoqda. Bunda, albatta, ishbilarmon doiralarning hissasi katta.

Jumladan, hozirgi vaqtda 73 mingdan ziyod kichik tadbirkorlik subyekti roʻyxatga olingan boʻlib, bu korxonalar umumiy sonining 87,9 foizini tashkil etadi. Kichik biznes subyektlarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 62,2 foiz, mahalliy byudjetdagi hissasi esa 14 foizga tengdir.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida tadbirkorlik subyektlari uchun barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 24,3 trln. soʻm kreditlar ajratildi. Bu esa 2018-yilning mos davriga nisbatan bu 56 foizga yoki 10,6 trln. soʻmga koʻpdir.

Biroq, shunga qaramasdan, shaharda tadbirkorlikni rivojlantirish, poytaxtni tom maʼnoda ishbilarmonlik makoniga aylantirish boʻyicha hali koʻplab vazifalar, hal qilinishi lozim boʻlgan muammolar mavjud.

Shaharda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali import oʻrnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga lozim darajada eʼtibor qaratilmayotgani oqibatida import hajmi kamaymayapti. 2019-yilning 1-sentyabr holatiga eksport hajmi 1 mlrd. 971,8 mln. dollarni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 5,3 foizga oʻsgan boʻlsa, import hajmi 3,9 mlrd. dollarga teng va oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 34,5 foizga oʻsgan. Shu raqamlarning oʻziyoq bu borada jiddiy ishlar amalga oshirilishi lozimligini koʻrsatib turibdi.

Sessiyada qayd etilganidek, poytaxtning eksport salohiyatini oshirishda kichik sanoat zonalari faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Aytish joizki, Toshkent shahrida 8 ta kichik sanoat zonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Bektemir, Mirzo Ulugʻbek, Olmazor, Sergeli, Uchtepa, Chilonzor, Yunusobod va Yakkasaroy kichik sanoat zonalari jular jumlasidan. Ular hududida 653 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 1,18 trln. soʻmlik investitsiyalar oʻzlashtirilib, 13910 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Kichik sanoat zonalari faoliyatini takomillashtirishga xalal berayotgan bir qator kamchiliklar deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi. Ular faoliyat yuritayotgan subyektlarga imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishini tashkiliy-huquqiy jihatdan tartibga solish, toʻrachilik bilan bogʻliq toʻsiqlarni bartaraf etish, qolaversa, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish masalalari atroflicha koʻrib chiqilib, aniqlangan muammolarni bartaraf etish yuzasidan amaliy takliflar bildirildi.

Soʻzga chiqqanlar qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan poytaxtimizdagi tashkilotlarni jalb qilgan xolda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq choralarni belgilab olish hamda ularning oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatish lozimligini aytib oʻtdi.

Sessiyada koʻrib chiqilgan masala yuzasidan xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?