Toshkent shahar inspeksiyasi nega qonunning ayrim moddalariga amal qilmagan?

16:43 26 Sentyabr 2019 Jamiyat
138 0

Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Sirdaryo, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri Oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyalarida Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi qonunining ijrosi atroflicha muhokama qilindi.Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, hududlarning fitosanitar xavfsizligini taʼminlash va oʻsimliklarning zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashish hamda karantin holatini yaxshilashda tizimli ishlarni tashkil qilish, fitosanitar holatini yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan amaliy ishlar qilingan.

Qishloq xoʻjaligi oʻsimliklarini yetishtiruvchilar, karantin nazoratidagi oʻsimlik mahsulotlarini qayta ishlaydigan, saqlaydigan, realizatsiya qiladigan xususiy tadbirkorlarga “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi qonunning mazmun-mohiyati, xalqaro fitosanitar talablar haqida seminarlar, OAV orqali tushuntirish ishlari olib borilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun (Toshkent shahrida) haftaning har dushanba kunida ochiq eshiklar kuni joriy qilingan.

Viloyatlarda oʻsimliklar karantini chegara maskani agronom inspektorlari uchun bojxona punktlarida hamkorlikda skaner apparatlari yonida ishlash bilan birgalikda, OʻKCHM (Oʻsimliklar karantini chegara maskani) va Tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) bojxona postlarida alohida xonalar ajratilgan boʻlib, xonalar laboratoriya shkafi, zarur qoʻllanmalar, mikroskop hamda boshqa zarur uskuna va jihozlar bilan taʼminlangan. Shuningdek, aholini sifatli va zararlanmagan mahsulot bilan taʼminlash maqsadida eksportga chiqarilayotgan va import boʻlib kelayotgan qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zararsizlantirish uchun fumigatsion kameralar oʻrnatilgan.

Qayd etilganidek, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan ijobiy natijalar bilan birga, hududiy inspeksiyalar faoliyatida bir qator kamchiliklar ham aniqlangan. Xususan, Toshkent shahar inspeksiyasi tomonidan ish faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi qonunning ayrim moddalariga toʻliq amal qilinmagan.

Karantin ostidagi mahsulotni saqlash, qayta ishlash, realizatsiya qilish, qabul qilish punktlari joylashgan yerlarni, ularga tutash hududlarni, oʻsimliklar karantini obyektlarini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida nazorat tekshiruvlari, Fitosanitar dala nazorati, laboratoriya tekshiruvlari va doimiy monitoring ishlari oʻtkazilmagan. Zararlanish oʻchoqlarining kengayishiga yoʻl qoʻymaslik va ularni bartaraf etish, shuningdek, oʻsimliklar karantini obyektlarini olib kirish yoʻllarini aniqlash hamda toʻsish boʻyicha yetarlicha choralar koʻrilmagan.

Karantinosti mahsulotlari bilan savdo qiladigan obyektlar va oʻsimliklar ekilgan joylar tanlab oʻrganilganda, ayrim zararkunandalar, kasalliklari borligi aniqlangan.

Yigʻilishda deputatlar tomonidan sohada olib borilayotgan ishlar, kamchilik va muammolar, ularni hal etish borasida inspeksiya oldida turgan muhim vazifalar yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?