Toshkent shahar hokimligiga qiymati 5,6 trln soʻmlik loyihalar taqdim qilindi

17:15 06 Sentyabr 2018 Jamiyat
384 0

Poytaxt hududida tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investitsayalarni keng jalb qilish hamda davlat va xususiy sherikchilikni rivojlantirish maqsadida Toshkent shahar hokimligida navbatdagi “Ochiq eshiklar kuni” oʻz ishini boshladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, tadbirning birinchi kunida Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek, Mirobod, Yakkasaroy va Yunusobod tumanlaridan tashrif buyurgan mahalliy tadbirkorlar va xorijiy investorlar oʻz loyihalari bilan ishtirok etishdi.

Toshkent shahar hokimi v. b. Jahongir Artikxoʻjayev loyihalar bilan tanishar ekan, loyihalarning, avvalo xalqimizga xizmati qilishi, ularning roziligi bilan amalga oshirish lozimligini alohida taʼkidladi.

Mazkur loyihalar ijtimoiy soha obyektlari, xususan zamonaviy mehmonxonalar, savdo va koʻngil ochar maskanlar, koʻp qavatli avtoturargohlar hamda yangi uy-joy komplekslarni barpo etishni koʻzda tutadi.

Uchrashuvda umumiy qiymati 5,6 trln soʻm, shundan xorijiy sarmoyalar 625 million dollar boʻlgan va 55 790 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan 47 ta loyihalar taqdim etildi.

“Ochiq eshiklar kuni” 7 – 8 sentyabr kunlari davom etadi, unda poytaxtning qolgan tumanlaridan investorlar ham ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?