Toshkent shahar hokimiyati Oʻzbekiston Hukumati va Prezident huzuridagi vakildan kuchliroqmi?

15:36 26 Mart 2019 Iqtisodiyot
2944 0

Illyustrativ foto

Hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatni jadal rivojlantirishga qaratilgan yangi gʻoyalar hamda tamoyillarni ishlab chiqishga yoʻnaltirilgan siyosat olib borilmoqda.

Biroq joylardagi mansabdor shaxslar mamlakatimiz rahbarining gʻoya va tamoyillarini oʻz shaxsiy manfaatlari yoʻlida talqin qilib, xalqning davlat organlariga boʻlgan ishonchini susaytirmoqda.

Ushbu maqolada “Respublika tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazi” MCHJning yer uchastkasini ajratish boʻyicha huquq hamda qonuniy manfaatlari poytaxt hokimligi tomonidan qoʻpol ravishda buzilishi toʻgʻrisida bayon etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komissiyasining 2018 yil 22 iyundagi 01-05/121-1-sonli Bayoniga asosan mazkur tadbirkorlik subyektiga yer uchastkasini joylashuvi kelishilgan boʻlib, Toshkent shahar hokimligiga yer uchastkasini ajratish boʻyicha topshiriq berilgan hamda Bayon ijrosini nazorat qilish qurilish vaziri A. Toʻxtayev zimmasiga yuklatilgan.

Ammo barcha tegishli xulosa va kelishuvlar olinganidan soʻng ham mazkur masala Vazirlar Mahkamasining bayonida koʻrsatilgan topshiriqni buzgan holda Toshkent shahar hokimligi tomonidan sunʼiy ravishda paysalga solinmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 14 fevraldagi 62-sonli qarori bilan tasdiqlangan Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 80-bandida Vazirlar Mahkamasining topshiriqlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar hamda viloyatlar hokimliklari, boshqa organlar va tashkilotlar tomonidan hujjat yuborilgan kundan boshlab 10 kalendar kun davomida ijro etilishi lozimligi belgilangan.

“Respublika tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazi” MCHJ bir necha yillardan buyon yer uchastkasining ajratilishi boʻyicha hujjatlarni tayyorlash hamda tasdiqlatish jarayonini boshdan oʻtkazib kelmoqda. Buning natijasida esa tadbirkorlik subyekti ortiqcha byurokratik toʻsiqlar, vaqt yoʻqotish, maʼnaviy va moddiy zararlarga duch keldi.

Ushbu masala boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili tomonidan Toshkent shahar hokimligiga 2018 yilning 23 noyabrida №01-03-862/2-sonli davlat organi yoki boshqa tashkilot yoxud mansabdor shaxs tomonidan ishni yakuniga yetkazish toʻgʻrisida xulosa yuborilgan.

Shunga qaramasdan, Toshkent shahar hokimligi tomonidan mazkur xulosada koʻrsatib oʻtilgan ayrim tadbirkorlik subyektlarining masalasi subyektiv tanlov asosida ijobiy hal etildi.

Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qonunga muvofiq vakolatlarga ega vakili shahar hokimligi oldida kuchsizlik qildi.

Xususan, ushbu masalaning koʻrib chiqilishi poytaxt hokimligi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarni buzgan holda sunʼiy ravishda choʻzilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ikkiyoqlama standartlarining qoʻllanilishidan dalolat beradi.

Bugungi kunda yer uchastkasini ajratish boʻyicha hujjatlarning Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Toshkent shahar hokimligiga bir necha bor kiritilishiga qaramay, bu masala eʼtiborsiz qolmoqda.

Toshkent shahar bosh arxitektori N. Sagatovdan olingan maʼlumotga koʻra, barcha hududiy davlat organlari va tashkilotlardan yer uchastkasini ajratish boʻyicha olingan ijobiy xulosalarga qaramay, Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari D. Xidoyatov yer ajratish toʻgʻrisidagi qaror loyihasini qonunda oʻrnatilgan tartibda imzolashdan bosh tortmoqda.

2017 yilning yanvar oyida hukumat yigʻilishida D. Xidoyatovning Davlat raqobat qoʻmitasi raisi lavozimidagi faoliyati xorijiy investitsiyalarni jalb etish va sanoat obyektlarini xususiylashtirish boʻyicha natijasizlik, uning qoʻmitasidagi mansabdor shaxslarning foydasiz xizmat safarlariga ishlatilgan mablagʻlar sababli davlat rahbari tomonidan qattiq tanqid ostiga olingan edi.

Oʻzbekiston Hukumati qarorlari va Prezident huzuridagi Vakil chiqargan hujjatlarga boʻlgan sovuqqon munosabat yuridik terminologiya tilida sabotaj sifatida baholanishi hamda tegishli javobgarlik choralariga tortilishi belgilangan.

Shu bilan birga, taʼkidlash lozimki, bu holat endi oddiygina byurokratik gʻov boʻlib qolmasdan, balki Oʻzbekiston Prezidenti kabi davlat hokimiyati instituti obroʻsiga putur yetkazadigan xatti-harakat hamdir.

Davlat rahbari tomonidan barcha sohada byurokratik toʻsiqlarni olib tashlashga qaratilgan siyosat olib borilayotgan bir paytda poytaxtning oʻzida tadbirkorlik subyektining huquq va manfaatlari qoʻpol ravishda buzilmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyat respublikadagi ishchanlik muhiti va investitsion holat rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatadi hamda mamlakat rahbari tomonidan bu yoʻnalishda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan maqsadli davlat siyosatiga ziddir.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil may oyida Turkiya tadbirkorlari bilan oʻtkazilgan biznes forumidagi nutqida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga alohida ishonch bildirdi.

“Oʻzbekiston tarixida ilk bor biz poytaxt hokimi etib tadbirkorni tayinladik. Bu hech qachon boʻlmagan. Yangi hokim qogʻozbozlikdan yiroq va investorlar bilan ishlashga tayyor. Shuningdek, u hech qachon eski byurokratik rejimda ishlamagan. U tadbirkor”, deya taʼkidlagan edi oʻshanda davlatimiz rahbari.

Oxir-oqibat poytaxtning hokimi Prezidentimizning yuksak ishonchini oqlaydi va mazkur masalani bir necha yildan buyon mahalliy hokimlik qogʻozbozligidan aziyat chekayotgan tadbirkorlik subyektining foydasiga hal etadi, deb umid qilishdan boshqa choramiz yoʻq.

A. Boqijonov, “Respublika tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash markazi” MCHJ direktori.

Tahririyatdan: “Xalq soʻzi ONLINE” sayti vaziyatni kuzatishda davom etadi va kelgusida bu mavzuga albatta qaytadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?