Toshkent metrosi uchun yangi vagonlar keltirildi

17:53 30 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
655 0

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati hamda Rossiyaning “Metrovagonmash” aksiyadorlik jamiyati oʻrtasidagi hamkorlik doirasida Toshkent metropoliteni uchun zamonaviy vagonlar tayyorlandi.

Toshkent temir yoʻl vokzalida ana shu kelishuvga muvofiq, yurtimizga keltirilgan yangi vagonlarning taqdimotiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Qayd etilganidek, poytaxt transport xizmatida Toshkent metropolitening oʻrni beqiyos. Shu bois keyingi yillarda ushbu tarmoqni rivojlantirish, uni har tomonlama qulay va zamonaviy transport vositasiga aylantirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Dastlabki keltirilgan 20 ta vagon ham ana shunday saʼy-harakatlar samarasidir.

Mutaxassislar fikricha, ushbu vagonlarning qulayliklari juda koʻp. Har bir tarkib 4 ta vagondan iborat. Elektr energiyasini hozirgi foydalanayotgan tarkibga nisbatan 35 foiz tejaydi. Qoʻzgʻalish tezligi yuqori. Shovqinni kamaytiruvchi maxsus moslamaga ega. Shuningdek, uning oynalari ham nafaqat shovqinni, balki issiq va sovuqni ham meʼyorida ushlab turadi. U maxsus havo tozalash tizimiga ega.

Ichkari, tashqari va old tarafdan videokameralar bilan jihozlangan. Eshiklarning yanada kengaytirilgani yoʻlovchilarga chiqib-tushishda katta qulaylik yaratadi. Yana vagonda nogironlik aravachasidagi yoʻlovchilar uchun ham maxsus joy ajratilgan. Eshik yuqorisidagi ekranda esa yoʻnalish va bekatlar haqida maʼlumotlar aks etib turadi. Yoʻlovchilarning vagondan vagonga oʻtish imkoniyati ham mavjud.

Tarkibning biror qismida nosozlik sezilsa, bu haqda maʼlumot avtomatik tarzda tezkorlik bilan mashinistga kelib tushadi. Xullas, vagonlar yasalishidagi zamonaviylikning barchasi yoʻlovchilar uchun.

Bu kabi qulayliklardan yaqin vaqt ichida bahramand boʻlishingiz mumkin. Chunki Toshkent metropoliteni undan yil oxirigacha foydalanishni boshlaydi.

Dilshod ULUGʻMURODOV.

Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?