“Toshkent metropoliteni” UK: “Doʻstlik – Qoʻyliq” uchastkasida 6 ta bekat qurib bitkazildi

14:04 04 Fevral 2020 Jamiyat
856 0

Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, poytaxtimizda qurilayotgan halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik – Qoʻyliq” uchastkasida qurilish ishlari jadal surʼatlarda davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 19-maydagi “Toshkent shahrida ikki yoʻllik elektrlashtirilgan tezyurar halqa temir yoʻl qurilishi loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek, 2018-yil 24-maydagi tegishli Farmoniga muvofiq bosqichma-bosqich Toshkent shahrida yer usti halqa metropoliteni liniyasini loyihalashtirish bilan bir vaqtda qurilish-montaj ishlari amalga oshirilmoqda. 
Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ushbu yirik qurilish “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tasarrufidagi “Boshtransloyiha” AJ loyihasi tomonidan tarmoq tasarrufidagi korxonalar hamda “Koʻprikqurilish” tresti UK tomonidan amalga oshirilmoqda.

2019-yilning avgust oyida Toshkent halqa metro liniyasining birinchi bosqichi boʻlgan “Doʻstlik – Qoʻyliq” uchastkasidagi “Doʻstlik-2” hamda 2-bekatlarida qurilish ishlari tugatildi. Oraliq yoʻnalishida 2 ming 303 metrlik yangi relslar ham yotqizilib, dastlabki poyezdlar sinov tariqasida harakatlangan edi.

– Maʼlumki, “Toshkent metropoliteni” UKning “Doʻstlik” bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan yoʻnalishi 11 kilometr boʻlib, “Doʻstlik-2” hamda 2, 3, 4, 5, 6 hamda Qoʻyliq bozoridagi 7-bekatlardan iborat, – deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning Kapital qurilish direksiyasi rahbar oʻrinbosari Aziz Abdiyev. – Ayni paytda “Doʻstlik 2”dan Qoʻyliq mavzesigacha estakadalarning loyihada koʻzda tutilgan tayanch ustunlar, birinchi va ikkinchi pogʻona temir-beton poydevorlar, temir-beton rigel va balkalar toʻliq oʻrnatib boʻlindi. 2-bekatdan Yangiobod hududidagi oltinchi bekatgacha boʻlgan oraligʻiga yangi relslar ham yotqizilib, soʻnggi bosqichda taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Ayni paytda quruvchilarimiz oltinchi hamda Qoʻyliq bozoridagi yettinchi bekat oraligʻida bunyodkorlik ishlarini jadal suratlarda amalga oshirishmoqda. Buning uchun 2 mingga yaqin ishchi-xodim va mutaxassislar yuzdan koʻproq zamonaviy texnikalardan foydalanmoqda.

Oʻtgan vaqt davomida soha xodimlarining qurilish ishlarini uzluksiz, samarali olib borishi, zamonaviy qudratli texnikalarning jalb etilishi hamda sifatli qurilish mahsulotlarini oʻz vaqtida yetkazib turilishi sababli temiryoʻlchilar bugungi kunga kelib 2-, 3-, 4-, 5- hamda 6-bekatlarida ham qurilish ishlarini nihoyasiga yetkazishdi. Yangi qurib bitkazilgan bekatlarda yoʻlovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yoʻlkirani elektron toʻlash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikki qavatlik bekatlarning har biriga imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus liftlar ham oʻrnatildi.

Eʼtiborlisi, har bir bekat milliy meʼmorchilik uslubiga xos tarzda qurilib, koʻrinishi va bezatilishi jihatidan bir-birini takrorlamaydi. Ishlatilgan turli qurilish materiallari, sifatli va koʻrkam texnikalar bekatlar koʻrinishiga oʻzgacha chiroy bagʻishlamoqda. Masalan, Tuzel mavzesidagi 3-bekat aholi gavjum joyda, avtomobillar chorrahasida joylashgan hududlardan. Shu bois ushbu yoʻnalish foydalanishga topshirilgach, bu bekatda tushib chiqadigan yoʻlovchilar oqimi nisbatan koʻproq boʻladi. Shuni hisobga olgan holda quruvchilarimiz yangi bekatdan yoʻlovchilarning xavfsiz foydalanishi uchun har tomonlama qulay sharoitlarni yaratishga alohida ahamiyat qaratishdi. Ikki qavatdan iborat bekatning birinchi qavatida ishchi-xodimlar uchun maʼmuriy hamda tibbiy xonalar va kassa qurildi. Yoʻlovchilar kirib-chiqishi, maxsus turniketdan oʻtishi birinchi qavatda amalga oshiriladi. Ikkinchi qavat esa perron qismi boʻlib, uning bir tomonidan yoʻlovchilarning chiqib-tushishlarida qulaylik boʻlishi uchun eskalatorlar, ikkinchi tomoniga esa imkoniyati cheklangan yoʻlovchilar uchun maxsus lift oʻrnatildi. Shuningdek, zinapoya qurildi. Perron qismi zamonaviy yoritkichlar bilan bezatildi. Yoʻlovchilarga poyezdlarni kutib oʻtirishi uchun maxsus va koʻrkam oʻrindiqlar oʻrnatildi. Bekat ichida Toshkent metropoliteni xaritasi, shahar tashqarisiga chiqish uchun maxsus koʻrsatkich belgilari va boshqa maʼlumotlar oʻrnatildi.

Eʼtiborga molik yana bir jihat. Stansiyada koʻzi ojizlar uchun maxsus plitalar yotqizildi, yaʼni platformadagi plitalarda alohida boʻrttirilgan belgilar mavjud. Bekatlar quyosh nurini kam oʻtkazadigan maxsus kompozit materiallaridan tayyorlangan oynalar bilan qoplandi. Bekat atrofi va hududi obodonlashtirilib, zamonaviy yoritgichlar oʻrnatildi, yoʻlaklarga uzoq muddatga chidamli koʻrkam bruschatkalar, marmar toshlari terildi. Hududni koʻkalamzorlashtirish maqsadida Toshkent iqlimiga moslashtirilgan archalar, gul koʻchatlari ekildi, yoʻlovchilar uchun maxsus oʻtirgichlar oʻrnatilib, dam oladigan koʻrkam holatga keltirildi. Avtomobillar uchun turargohlar ham qurildi.

Taʼkidlash lozimki, estakada koʻrinishidagi ushbu metro liniyasini qurish, ayniqsa, Yangiobod va Qoʻyliq hududi va oraligʻida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari quruvchilarimiz uchun oson kechmayapti. Ayniqsa, Qoʻyliq bozori hududidagi avtomobil yoʻllari, tirbandliklar, yoʻnalishni yerdan oʻtkazish, aholining gavjumligi soha xodimlariga bir muncha qiyinchilik tugʻdirmoqda. Biroq temiryoʻlchilar bu kabi qiyinchiliklarni mardonavor yengib, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligiga qatʼiy amal qilgan holda ish olib borishmoqda.

Ushbu yoʻnalishda poyezdlarning oʻrtacha yurish tezligi soatiga 60 kilometrni tashkil etadi. Harakatlanish oraliq vaqti 5 daqiqadan iborat boʻlib, bekatlar 5 ta vagon toʻxtashi uchun moʻljallangan. Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimiz metro liniyalarining estakada yoʻnalishida harakatlanadigan zamonaviy, yuqori sifatli, yoʻlovchilar uchun barcha qulayliklarga ega dastlabki beshta harakat tarkibi yurtimizga keltirildi va bugungi kunda bularning barchasi xizmat koʻrsatish uchun texnik jihatidan har tomonlama tayyorgarlik (obkatka) koʻrmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?