“Tashkent Central Park” koʻp tarmoqli kompleksi qurilishi uchun soliq va bojxona imtiyozlari beriladimi? — Qoʻmita bunga nima deydi?

17:34 24 Avgust 2020 Iqtisodiyot
266 0

Illyustrativ foto

Normativ-xuquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashkent Central Park» koʻp tarmoqli majmuasi qurilishi boʻyicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga taqdim etilgan.

Qayd etilishicha, qaror loyihasi bilan “Taskent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim Sirketi” kompaniyasi (Turkiya Respublikasi) va “UzTur Investment and Development” MCHJ oʻrtasida 2020-yil 27-may kuni “Tashkent Central Park” koʻp tarmoqli kompleksini qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha investitsiya shartnomasi imzolanganligi koʻrsatilgan.

Qaror loyihasida investor 2024-yil 1-yanvargacha:

a) yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari barcha turdagi soliqlar va yigʻimlardan, xorijiy mutaxassislarining ish haqi fondi boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlovdan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida olib kiriladigan va rasmiylashtiriladigan qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlar, asbob-uskunalar, vaqtinchalik bino va inshootlar, transport vositalari davriy bojxona toʻlovlaridan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan – investorlar, pudrat va subpudrat tashkilotlari Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (koʻrsatiladigan xizmatlar) boʻyicha, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda soligʻidan – investitsiya loyihasida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar;

b) 2022-yil 1-yanvarga qadar – texnologik hujjatlar, materiallar, xom ashyo, uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, shuningdek metall prokatini olib kirishda bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari), 2022-yil 1-yanvardan 2024-yilga qadar esa – oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar asosida yuqorida qayd etilgan tovarlar olib kirilganda bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) ozod qilinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qaror loyihasida investorlar, pudratchilar va subpudratchilarga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriladigan tovarlarni oʻzining saqlash uchun omborxonalariga joylashtirishga ruxsat berilmoqda.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat koʻrsatayotgan boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi taʼqiqlanishi koʻrsatilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentyabrdagi
PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar Konsepsiyasi”da xususiy sektor samarali faoliyat koʻrsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sogʻlom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xoʻjalik yurituvchi subyektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish koʻrsatilgan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil
31-maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3756-sonliqaroriga asosan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, vaqtinchalik imtiyozlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan 3 yildan ortiq boʻlmagan muddatga berilishi, individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor boʻlmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud boʻlganda yoxud Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan berilishi koʻrsatilgan.

"Qoʻmita tomonidan ushbu qaror loyihasini qabul qilinishi oqibatida boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga nisbatan afzal holatga qoʻyadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklar berilishi “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 12-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 8-sentyabrdagi PF-5185-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar Konsepsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-maydagi PQ-3756-sonli qarori talablariga zid ekanligini inobatga olib, qarorni qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb xulosa berilgan" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?