Toshkent markazidagi savdo va koʻngilochar markazi bilan bogʻliq 3,2 mlrd. soʻmdan ziyod soliq mojarosi sudgacha hal boʻldi

16:21 27 Avgust 2019 Jamiyat
135 0

“Play Island” MCHJ Toshkent shahar Yunusobod tumanida roʻyxatga olingan va bu kompaniyaning “Zarafshon” biznes markazi yonida joylashgan savdo hamda koʻngilochar markazi mavjud. Ushbu MCHJ taʼsischilari davlat soliq xizmati organiga murojaat qilib, tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan kameral nazorat natijasida turgʻun savdo nuqtalarini ijaraga berish asosiy faoliyati sifatida baholanib, natijada yagona soliq toʻlovi boʻyicha 3 230,2 mln. soʻm qoʻshimcha soliq hisoblanganidan norozi ekanini bildirgan.

Murojaat Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasining soliq nizolarini sudgacha hal qilish boʻlimi tomonidan koʻrib chiqildi. Oʻrganishlar davomida Yunusobod tumani davlat soliq xizmati organlarining xatti-harakatlari qonunga zid ekanligi va 3 230,2 mln. soʻmlik qoʻshimcha soliq undirilishi asossizligi aniqlandi. Natijada ushbu inspeksiya tomonidan “Aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish haqida” joʻnatgan talabnomasi bekor qilindi.

Eslatib oʻtamiz, Davlat soliq qoʻmitasida Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi Prezidentimizning 2018-yil 26-iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan va uning davlat soliq boshqarmalarida hududiy boʻlimlari mavjud.

Boshqarma faoliyatining asosiy maqsadi soliq organlari va soliq toʻlovchilar oʻrtasida soliq qonunchiligiga oid nizolarni koʻrib chiqishdan iboratdir. Soliq toʻlovchilar oʻzlari qoniqmagan qaror ustidan sudgacha shikoyat qilish huquqiga egalar.

Boshqarma xodimlari murojaatni sinchkovlik bilan oʻrganib chiqadilar va bajarilgan ishlar natijalariga koʻra soliq toʻlovchiga javob yuboradilar. Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu jarayon sudda koʻriladigan jarayondan bir necha baravar kam vaqtni oladi. Har bir murojaat 15 kundan 30 kungacha koʻrib chiqiladi. Yana bir ijobiy tomoni shundaki, murojaat etuvchi har doim ham shaxsan ishni koʻrib chiqish jarayonida ishtirok etishi talab etilmaydi. Aynan bu ham soliq toʻlovchining vaqti tejalishiga xizmat qiladi. Eng muhimi esa sudgacha nizoni hal etish jarayoniga hech qanday moliyaviy xarajat sarflanmaydi.

Soliq toʻlovchi yuzaga kelgan nizo boʻyicha avvaliga soliq xizmati organlarining viloyat yoki shahar boʻlinmalariga murojaat qilishi va agar soliq nizosi hal etilmasa, DSQga yozma yoki sayt orqali toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilishi mumkin. Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi har bir murojaatni xolisona yondashuv asosida koʻrib chiqadi.

Agar murojaat qilgan soliq toʻlovchi koʻrib chiqilgan soliq nizosi natijasidan qoniqmasa, u holda sudga yoki Moliya vazirligi huzuridagi Soliq toʻlovchilar va davlat soliq xizmati organlari oʻrtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashiga murojaat qilishi mumkin.

Umid Nasritdinov,

DSQ Soliq nizolarini sudgacha hal qilish
boshqarmasi davlat soliq katta inspektori


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?