Poytaxt yuziga toshgan “husnbuzarlar” (fotojamlanma)

17:57 02 Iyul 2019 Jamiyat
602 0

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Faylasuflar odam yolgʻiz qolgandagina asl qiyofasida namoyon boʻladi, deb hisoblaydilar.

Xoʻsh, boʻsh vaqtlarimizda nimalar bilan mashgʻulmiz? Yolgʻiz qolganimizda-chi? Bu savollarga har birimiz, avvalo, vijdonimiz oldida javob berishimiz kerak.

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Bekorga asl qiyofamiz haqida gap ochmadik. Bugun oramizda shunday insonlar yashamoqdaki, ular zohiran soppa-sogʻ, gap-soʻzlaridan tuppa-tuzuk koʻrinsa-da, aslida, maʼnan kasal, botinan juda gʻaribdir.

​Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Soʻzlarimizga ishonch hosil qilishingiz uchun Toshkent shahri markazidagi Sayilgoh koʻchasini bir bor sayr etsangiz, kifoya.

​Фото: Ҳаким Йўлдошев / «Халқ сўзи»​

Bu koʻcha nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik mehmonlar koʻp tashrif buyuradigan manzil boʻlgani bois, doimo eʼtiborda, desak yanglishmaymiz. Chunonchi, koʻcha boʻylab joylashgan “Poytaxt savdo markazi”ning orqa tomonida joylashgan kichik xiyobondagi yoʻlaklar taʼmirlanib, zamonaviy oʻrindiqlar oʻrnatilganiga hali uzoq vaqt oʻtgani yoʻq. Lekin bu yerga kelgan odamning xiyobondagi manzaralarni koʻrib, dili xufton boʻlishi shubhasiz. Zamonaviy oʻrindiqlarga yozilgan tuturiqsiz dil nomalariyu, chizilgan almoyi-aljoyi shakllardan taʼbingiz xira tortadi. Yap-yangi, koʻrkam oʻrindiqlar sindirilib, butun bor boʻy-basti bejab tashlangani oʻzini sogʻlom deb bilgan insonning ishi ekanini sogʻlom aql qabul qila olmaydi.

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Xiyobondagi favvoralar ham mutasaddilar eʼtiboridan chetda qolgan. Ularning suvsizlikdan chanqagan havzalarida turli chiqindilar, baklashka va shirinliklar qogʻozlari uyilib yotibdi. Yurtimizda anomal issiq harorat kuzatilayotgan ayni kunlarda ushbu favvoralarning ishlamayotgani ham kishini oʻyga toldiradi: axir odamlarga foydasi tegmasa, ular nima uchun qurilgan?

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Yana bir gap: Sayilgoh koʻchasiga kechki sayrga kela koʻrmang. Chunki xorijlik sayyohlar doimo gavjum boʻladigan ushbu manzilda milliy qadriyat hamda madaniyatimizning goʻzal qirralarini namoyish qilish oʻrniga ajnabiy anʼanalar va yot unsurlarga taqlid tomoshalarni koʻrib, uyatdan qizarib qolishingiz mumkin. Beixtiyor misoli ilondek toʻlgʻonayotgan bu “oʻyinchi” yoshlarni kim yoki nima ragʻbatlantirayotgan ekan, degan oʻy oʻtadi xayolingizdan. Va qoʻrqib ham ketasizki, yurtimizning uzoq-yaqinidan kelgan, xuddi sehrlanib qolgandek bu manzaralardan nigohlarini uzolmay turgan yoshlarning sodda-samimiy fikr-qarashlari buzilmasligiga, qalblari zaharlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.

Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Bunday holatlarga yoʻl ochib berayotgan mutasaddilar bugungi notinch va tahlikali zamonda yoshlarning ongu qalbini egallashga qaratilgan turli xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgani hamda ularga qarshi kurashish oldimizda turgan eng dolzarb vazifa ekanini doimo kuyunchaklik bilan takrorlaydigan Prezidentimizga, farzandlarining baxtu iqbolini koʻrishni hayotining mazmuni deb bilgan xalqimizga xiyonat qilmayaptilarmi?

​Foto: Hakim Yo'ldoshev / "Xalq so'zi"

Bu mulohazalarni kimlarnidir haqoratlash yoki pashshadan fil yasash uchun aytmadik. Shunchaki oʻzimizga, bugun qilayotgan ishlarimizga koʻzgu tutishga harakat qildik. Maqsadimiz — yurtdoshlarimizni har qanday joyda oʻzini idora etishga, davlat va xalq mulkini shaxsiy boyligidek asrashga, shuningdek, yoshlar masalasiga masʼul tashkilot hamda idoralarni yanada eʼtiborli boʻlishga chorlash. Zero, harakatlarimiz kimligimizni koʻrsatadigan barometrdir.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?