Toshkent maktablarida Kundalik elektron jurnallari sinovdan oʻtkazildi

18:33 29 May 2019 Jamiyat
228 0

Xalq taʼlimi vazirligi hamda Kundalik kompaniyasi Toshkent maktablarida elektron jurnal va kundaliklarni sinovdan oʻtkazdi.

Joriy yilning aprel — may oylarida Xalq taʼlimi vazirligining buyrugʻiga koʻra, Kundalik raqamli taʼlim platformasi poytaxtdagi 53 ta umumtaʼlim maktabida sinovdan oʻtkazildi.

Kundalik tizimi onlayn rejimda dars jadvallari, oʻqituvchilar dars rejalari, oʻquvchilarning darsdagi ishtiroki hamda oʻzlashtirishini elektron jurnal va kundaliklarga kiritib borish imkonini beradi. Shuningdek, taʼlim muassasasining statistik hisobotlarini ishlab chiqishni ham taʼminlaydi.

Loyihaning birinchi bosqichida qatnashgan maktablar sinf jurnallarini bir vaqtning oʻzida qogʻoz hamda Kundalik tizimida elektron shaklda yuritishdi.

Mazkur tizim orqali oʻquvchilar va ularning ota-onalari uy vazifalari hamda fanlardan qoʻyilgan baholar haqida istalgan vaqtda maʼlumot olish imkoniga ega boʻlishadi. Ushbu maʼlumotlar himoyalangan ijtimoiy tarmoqlar orqali taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirligining Avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish boʻyicha masʼul vakillari Arslon Rahmonqulov hamda Rustam Komilovning taʼkidlashicha, 2019-yilning 1-sentyabrigacha Toshkent shahridagi barcha umumtaʼlim maktabida elektron jurnal va kundaliklarni taʼlim tizimiga joriy etish boʻyicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi. Yangi oʻquv yilidan boshlab Kundalik tizimi poytaxtimizdagi barcha maktabda ish boshlaydi.

Shuningdek, Kundalik tizimini oʻquv jarayoniga tatbiq qilish uchun oʻqituvchilarni tayyorlashga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Kundalik kompaniyasi tizimni sohaga joriy etishda oʻqituvchilar hamda maktab rahbarlariga amaliy yordam beradi.

Bundan tashqari, tizimni hayotga tatbiq qilishda yuzaga kelishi ehtimoli boʻlgan savollarga oʻz vaqtida javob topish maqsadida loyihada qatnashayotgan maktab vakillari ishtirokida har haftada anjumanlar uyushtirib boriladi.

Eslatib oʻtamiz, 2018-yilning oktyabr oyida Xalq taʼlimi vazirligi hamda Kundalik kompaniyasi oʻzaro hamkorlikda umumtaʼlim maktablarida elektron jurnal va kundaliklarni yuritishni koʻzda tutuvchi loyihani yoʻlga qoʻygan.

Kompaniyaning mazkur tashabbusi xalq taʼlimi sohasini axborotlashtirish boʻyicha takliflarni saralash natijalariga koʻra vazirlik tomonidan tanlab olingan va ushbu mutasaddi tashkilot hamda Kundalik kompaniyasi oʻrtasidagi davlat-xususiy sheriklik doirasida hayotga tatbiq qilinmoqda.

Kundalik kompaniyasi mazkur loyihani hayotga tatbiq etish, qoʻllab-quvvatlash va tizimni ravnaq toptirish jarayonida yuzaga keladigan barcha xarajatni oʻz zimmasiga olgan.

158-maktabning rus tili va adabiyot fani oʻqituvchisi, “Doʻstlik” ordeni sohibasi, xalq taʼlimi aʼlochisi Tatyana Istaxarovaning taʼkidlashicha, Kundalik — zamonaviylik va dolzarblikdir. Aynan shuning uchun ham u darhol ota-onalar va oʻquvchilar eʼtiborini tortib, ularning diqqatini jiddiy hamda uzoq muddatli loyihaga qarata oldi.

Koʻp yillar davomida yetakchilarni tarbiyalab odatlangan muallima zamondan va zamondoshlaridan ortda qolishni istamaydi hamda oʻquvchilarini ham hamisha shunga oʻrgatadi. Bu gal ham shunday boʻldi: ota-onalar va oʻquvchilar uni uzoq kuttirishmadi, 7-sinf birinchilardan boʻlib tizimni faollashtirdi. Toʻgʻri, avval ayrim qiyinchiliklar boʻldi, ammo barcha savollarning yechimi jamoaning oʻzidayoq topildi. Tatyana Istaxarovaning aytishicha, Kundalik funksiyalarini tezroq tushunib yetish uchun u hatto kompyuter dasturlari bilan qiziqadigan 8-sinf oʻquvchilaridan maslahat olishga ham uyalmagan.

Tatyana Borisovna dasturdan planshet yordamida foydalanishni juda ham tez oʻzlashtirib olgani va oʻquvchilarni darsning oʻzidayoq baholayotganini, bu esa ularning ijodiy faolligiga yanada ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini ham aytib oʻtdi.

Elektron kundalik sinf rahbarlariga ham katta yordam bermoqda. Hozir uning atrofida bir guruh yordamchilari, guruh administratorlari toʻplanishgan. Ular sinfning maktab doirasidagi kundalik reytingini muntazam kuzatib borishadi.

Uning qayd etishicha, ota-onalar bilan har kuni suhbatlashish imkoniyati oʻqituvchini ortiqcha tashvishlardan xalos etib, vaqtni tejash, muammoli vaziyatlarning oldini olishda ham qoʻl kelmoqda. Chunki dastur yordamida har qanday axborot darhol oʻqituvchi va ota-ona oʻrtasida muhokama qilinyapti. “Maktabimiz zamon bilan hamqadam ekanidan xursandman, — deydi Tatyana Borisovna.

Taʼkidlash joizki, oʻquvchilar ham oʻz qiziqishlari doirasida turli guruhlar tuzib, Kundalik tizimida faol ishlashmoqda. Masalan, ular ingliz tilini oʻrganish guruhlarini tashkil qilishgan. Bu orqali esa izlanuvchan oʻquvchilar oʻz tengdoshlarining yangi bilimlarni oson oʻzlashtirishlariga ham koʻmaklashmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?