Toshkent konferensiyasi mintaqada ijobiy natijalarga erishilishiga xizmat qiladi

09:05 28 Mart 2018 Siyosat
583 0

Sayyid Ershod HUSAYN,
“BBC” fors xizmati prodyuseri, (Buyuk Britaniya):

— O‘zbekistonga ilk bor kelishim. Yurtingizdan olgan taassurotlarim bisyor. Xalqingiz samimiy hamda mehmondo‘st ekan.
O‘zbekistonlik hamkasblarim bilan suhbatlashib, mamlakatingizdagi rivojlanish, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘ldim.
Toshkent anjumanini yoritishda faol qatnashdim. Mazkur tadbir Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishiga qaratilgani bilan muhimdir. Chunki afg‘on zaminidagi vaziyat rivojlanishga har jihatdan to‘sqinlik qilayapti.
O‘ylaymanki, O‘zbekiston rahbarining nutqidagi taklif va mulohazalar Afg‘onistonda tinchlik hamda barqarorlik ta’minlanishida, ushbu mamlakatning mintaqada munosib o‘ringa ega bo‘lishida katta turtki bo‘ladi.

Kubanichbek TAABALDIYeV,
Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi direktori:

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasidagi nutqida ilgari surilgan fikr-mulohazalar va pragmatik takliflar, shubhasiz, juda to‘g‘ri hamda o‘rinlidir.
O‘tgan vaqt mobaynida Afg‘oniston inqirozi yuzasidan muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha platforma yaratish uchun ko‘p urinishlar bo‘lgan. Biroq O‘zbekiston yetakchisi birinchi marta ko‘plab davlatlar, nufuzli tashkilotlarni jalb eta olgan holda anjumanga bosh-qosh bo‘ldi.
Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilishi Markaziy Osiyo uchun ham muhim. Chunki mintaqa to‘liq rivojlanishi, barqarorlikka erishishi uchun har bir davlat mas’uliyatni birdek his qilishi darkor. O‘ylashimcha, Toshkent konferensiyasi kutilgan natijalar qo‘lga kiritilishida alohida o‘rin tutadigan bosh markazga aylanadi.

Regis JENTE,
jurnalist (Fransiya):
— Toshkent konferensiyasi — Afg‘onistondagi holatni barqarorlashtirish uchun dadil qadamdir. Ta’kidlash kerakki, mazkur yirik forum xalqaro hamjamiyatni, jumladan, Yevropa ittifoqi, BMT hamda NATO vakillarini qamrab olgan holda o‘tkazildi. Bu muammoning dolzarbligini ko‘rsatadi. O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishda asosiy rol o‘ynashi, shubhasiz. Fikrimizcha, bu ijobiy belgidir. Chunki O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni va unga qanday yordam berish mumkinligini yaxshi biladi.
O‘zbekistonga bundan 10 yil avval kelgandim. Bugun shunga amin bo‘layapmanki, yurtingizda chuqur islohotlar olib borilmoqda. Ushbu jarayonga esa xalq juda yaxshi munosabat bildirayotir. Bu juda muhim.

Muhammad Javod ChAUDRI,
“Express News” telekanali boshlovchisi, (Pokiston):

— Men Pokistondagi “Till Tomorrow” (“Ertagacha”) nomli mashhur siyosiy tok-shou boshlovchisiman. Ko‘plab davlatlarda bo‘lganman. Yurtingizda aholining siyosiy bilim darajasi yuqoriligi diqqatimni tortdi.
Shu o‘rinda Pokiston hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar barcha yo‘nalishda muvaffaqiyatli rivojlanayotganini ta’kidlamoqchiman. Ikki davlatning tarixi, madaniyati, tilida ham o‘xshash jihatlar ko‘p. Misol uchun, bizning urdu tilida o‘zbek tilidagi to‘rt mingdan ziyod so‘zlar bor. Ular orasida “piyola”, “mehmon” va boshqalarni aytishim mumkin. Bundan tashqari, Pokistonda Boburiylar davriga oid bir qancha tarixiy hamda madaniy yodgorliklar ham mavjud.
Toshkent konferensiyasi haqida gapirar ekanman, avvalo, Afg‘oniston masalasi biz uchun ham dolzarb. Chunki bizning chegaralarimiz masofasi ancha uzun. Mamlakatimiz Afg‘onistonda tinchlik tarafdoridir. Shu bois anjumanda Pokistondan katta delegatsiya ishtirok etdi. Bu Pokistonning mazkur masalada qat’iy pozitsiyasini ko‘rsatadi. Biz O‘zbekistonning Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlash tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, yaqin kelajakda bu ijobiy natija beradi.

Sulaymon QAYuMIY,
“Orzu TV” jurnalisti (Afg‘oniston):

— Toshkentda bo‘lib o‘tgan bunday nufuzli anjumanda qatnashganimdan mamnunman. Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlik hukm surishini, birinchi navbatda, biz, Afg‘oniston xalqi istaymiz. Buning uchun mintaqa mamlakatlari orasida O‘zbekiston alohida tashabbus ko‘rsatayotgani quvonarli.
Konferensiyada O‘zbekiston Prezidenti hamda Afg‘oniston Prezidenti qilgan nutqlarni diqqat bilan eshitdim. Ularda ko‘tarilgan masalalarning barchasi dolzarb. Telekanalimiz orqali uzatgan lavhalarimizni afg‘onistonlik yurtdoshlarimiz katta mamnuniyat bilan ko‘rishayotganini bir necha bor aytishdi.
Toshkent anjumani matbuot markazida tomoshabinlarga tezkor va to‘liq axborotlar yetkazishimiz uchun barcha shart-sharoit yaratilganidan minnatdormiz. O‘ylaymanki, mazkur konferensiya Vatanimda osoyishtalikka erishilishida katta turtki bo‘ladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?