Toshkent koʻchalarida bir kunda qancha jamoatchilik avtobusi qatnaydi?

13:22 15 Avgust 2019 Jamiyat
92 0

“Toshshaharxizmat” AJ Matbuot xizmati rahbari Ravshan Yoqubjonov poytaxt jamoatchilik transportining bugungi holati, rejalar, yangiliklar haqida gapirib berdi.

Uning aytishicha, hozirda “Toshshahartransxizmat” AJ tasarrufida 8 ta avtosaroy va taʼmirlash ustaxonalari mavjud. 1400 ta avtobus doimo xizmatga shay.

“Poytaxt koʻchalarida har kuni 1200 ga yaqin avtobusimiz harakatlanmoqda. Yaqinda jamiyatimiz tomonidan 160 ta yangi avtobuslar sotib olindi, ular panduslar, konditsioner va avtomatik yongʻin oʻchirish moslamalari bilan taʼminlangan. Har kuni bizning kompaniyamiz 600 mingga yaqin yoʻlovchini tashiydi. Bir yilda esa 200 milliondan ortiq yoʻlovchiga xizmat koʻrsatamiz. Bizning barcha avtobuslarimiz kuniga 390.000 km yurishadi. Bundan tashqari, shaharda 2200 ga yaqin avtobus bekatlari mavjud. Hozir oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari boʻlib oʻtayapti. Shuning uchun avtobuslarimiz kundalik jadvaldan 1 soat oldin oʻz harakatlanishga chiqishmoqda. Yaʼni, ertalab soat 04:30dan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishayapti”, - deydi R. Yoqubjonov.

U tashkilot faoliyatida kutilayotgan yangilanishlar haqida toʻxtalib oʻtdi:

“Toshshahartransxizmat” AJ faoliyati asosan yoʻlovchilarni tashishdan iborat. Ish jarayonida esa boshqa koʻplab tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik qilamiz. Masalan, baxtsiz hodisalarni aniqlash uchun DAN xodimlari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, GPS monitoringi bunda bizga yaqindan yordam beradi. Bundan tashqari, bekatlar masalasida hokimlik bilan hamkorlik qilamiz, chunki ular hokimlikka tegishli.

Yoʻllar bilan bogʻliq masalalarda biz yoʻl-qurilish tashkilotlari bilan hamkorlik qilamiz. Maʼlumki, Sergeli-4 dahasida koʻprik qurilishi tufayli avtobus yoʻnalishlari oʻzgartirildi. Sergeli tumani Sputnik dahasining ichki yoʻllari taʼmirtalab ahvolda edi, bu bizning avtobuslarimizga noqulayliklar tugʻdirardi. Bu masalada mutasaddi tashkilotlarga murojaat qilganimizdan soʻng yoʻllar taʼmirlandi”.

Matbuot xizmati rahbari juda yaxshi ishlaydigan haydovchilarning ish haqini oshirish masalasida ham fikr bildirdi:

“2030-yilgacha transportni rivojlantirish konsepsiyasi koʻplab masalalarni qamrab olgan. Jumladan, yoʻl haqi uchun elektron toʻlov tizimini joriy qilish moʻljallangan, bu bilan haydovchilar kunlik toʻlov boʻyicha belgilangan rejani topshirishdan ozod qilinadilar. Agar ushbu tizim ishga tushirilsa, haydovchilar eʼtiborlarini asosan xavfsizlik va harakatning muntazamligiga qaratishadi. Bu harakatlanish muntazamligini taʼminlash, turli yoʻl—transport hodisalarining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Ana shunday natijaga erishsak, albatta, namunali haydovchilarni ragʻbatlantirib boramiz”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?