Toshkent xalqaro aeroporti qoʻnish zali hududida ibodat qilish uchun namozxona tashkil qilindi

14:45 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
103 0

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportining qoʻnish zalida ibodat qilish uchun sharoit yoʻqligiga doir maʼlumotlar tarqalgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi shuni maʼlum qiladiki, aeroport maʼmuriyati koʻp sonli murojaatlar hamda sayyohlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, operativ ravishda qoʻnish zali hududida ibodat qilish uchun namozxona tashkil qildi. Oʻtgan yilning noyabrida Toshkent xalqaro aeroporti hududida namozxona ochilgan edi. Ibodat xonasi aeroportning xalqaro yoʻnalishlarni kutib olish zalining B8 yoʻlagi oldida joylashgan boʻlib, undan musulmon yoʻlovchilar hozirga qadar foydalanishmoqda. Taʼkidlash joizki, bu kabi sharoitlarning yaratilishi yurtimizga ziyorat turizmi maqsadida tashrif buyuruvchi musulmon sayyohlar hamda Oʻzbekiston fuqarolariga qoʻshimcha qulaylik tugʻdiradi. Shuningdek, aeroport maʼmuriyatining bu kabi murojaatlarga operativ munosabat bildirishi xalqning davlat idoralariga boʻlgan ishonchini yanada mustahkamlaydi hamda mamlakatimizda jamoatchilik nazoratining kuchayib borayotganidan dalolat beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?