Toshkent hokimi poytaxtda metrobus tizimini joriy etishni taklif qildi

15:34 26 Iyul 2019 Jamiyat
379 0

Toshkent shahar hokimligida Janubiy Koreya delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda “Integratsiyalashgan jamoat transporti strategiyasini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash” mavzusi muhokama etildi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi

Muloqotda Janubiy Koreya delegatsiyasi rahbari Syo Kyushik Oʻzbekiston va Koreya munosabatlari turli sohalarda taraqqiy etib borayotgani, xususan, Toshkent shahar hokimligi bilan Janubiy Koreyaning bir necha shaharlari, tumanlari, korxona va tashkilotlari qoʻshma loyihalarni amalga oshirayotganligini aytib oʻtdi.

Uchrashuvda qator, jumladan, bus rapid transit – tezyurar avtobus transporti tizimini joriy etish masalasi ham koʻrib chiqildi. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev Toshkentda shu kabi yoʻnalishni poytaxtda yoʻlga qoʻyishni taklif qildi.

Bus rapid transit(tezryurar poyezd yoki metrobus) – anʼanaviy avtobus yoʻnalishlaridan yuqori foydalanish samaradorligi(tezlik, ishonchlilik, yoʻlovchi tashish) bilan ajralib turadigan avtobus(yoki trolleybus) qatnovini tashkil etish usulidir.

Tezyurar avtobus tizimi ayrim koʻrsatkichlari, xususan, tezligi bilan yengil relsli transport(tezyurar tramvay)ga oʻxshab ketadi. U anʼanaviy jamoat transportidan qator jihatlari bilan farq qiladi.

Uning trassasi ajratilgan yoʻlak(toʻliq yoki asosiy qismi)dan oʻtadi. Chorrahalarda bunday avtobuslar ustunlikka ega.

Bu borada koʻpincha nostandart avtobuslar, masalan, oʻzaro biriktirilgan koʻp seksiyali avtobuslardan foydalaniladi.

Bekatlarning ayrim tizimlari relsli transport stansiyasini eslatib yuboradi: ular hamma tomondan yopilgan, chipta va maʼlumotnoma kassalari mavjud, turniketlar bilan jihozlangan(bu yoʻlovchilarni avtobuslarga tezroq chiqishiga xizmat qiladi, zero, tekshirish va chiptalarni sotib olish avtobusga chiqqunga qadar amalga oshiriladi).

Ayrim tizimlarda yoʻnalishli avtobuslardan foydalaniladi.

Bu kabi transport turlari Janubiy va Shimoliy Amerikada keng ommalashgan. Braziliyaning Kuritibe shahrida 1980-yilda ishga tushirilgan Rede Integrada de Transporte, AQSHning Bostonidagi “Kumush yoʻl”(trolleybusli) va Los-Anjelesidagi “Olovrang yoʻl” tezyurar yoʻlovchi transporti tizimiga misoldir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?