Toshkent havosini ifloslantirayotgan manbalar maʼlum qilindi

16:07 12 Avgust 2019 Jamiyat
168 0

Illyustrativ foto

Oʻtgan yili Toshkent havosi 426 tonna zaharli gazlar bilan ifloslantirilgan. Bunda avtotransport vositalari 395 tonna yoki 90 foizlik ulushga egalik qilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Gazeta.uzʻga xabar qildi.

Oʻzbekiston boʻyicha 2018-yilda atmosferaga 2 million 449 ming tonna zaharli gazlar chiqarilgan boʻlsa, ularning 60 foizi avtotransport vositalari hissasiga toʻgʻri keladi va bu rivojlangan davlatlarda belgilangan standartlardan 3 baravar koʻp demakdir.

Soʻnggi 10 yil ichida atmosfera eng kam ifloslangan shaharlar ichida Denov, Qoʻqon, Guliston, Samarqand, Sariosiyo shaharlari qayd etilgan boʻlsa, eng yomon koʻrsatkich Olmaliq, Angren, Buxoroda kuzatildi.

Shahar havosini, jumladan dioksid azot bilan ifloslantirishda shahar transporti asosiy manba hisoblanadi. Mamlakatda 2 milliondan ziyod avtotransport roʻyxatga olingan boʻlsa, ularning 450 mingi Toshkent hissasiga toʻgʻri keladi. Shaharga har yili boshqa viloyatlar va davlatlardan 50 mingga yaqin avtomobil kirib keladi.

Poytaxtdagi avtotransport vositalarining 75 foizi benzin va dizel yoqilgʻisi, 25 foizi gazda harakatlanadi. Bir tonna dizel yoqilgʻisi yonganda atmosferaga 208 kg ifloslantiruvchi moddalar chiqariladi, bu koʻrsatkich gazda 3 baravar kamroqni tashkil etadi.

Avtotransport vositalari atmosferaga 200 dan ortiq zararli moddalar, jumladan uglerod, aldegidlar, qurum, azot oksidlari chiqariladi. Atmosferaning odamlar nafas oladigan yer usti qatlamlarida toʻplangan ushbu moddalar ultrabinafsha nurlar taʼsirida reaksiyaga kirishib, yanada zararli birikmalarni hosil qiladi.

Ekologiya qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda atmosferaga chiqarilgan umumiy moddalarning 36,2 foizi sanoat korxonalari hissasiga toʻgʻri keladi. Sanoat obyektlarining aksariyati — 37,9 foizi Toshkent viloyati hissasiga toʻgʻri keladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?