Toshkent harbiy okrugi: Nurafshonda oʻtkazilgan uchrashuvdan qalblar nurafshon boʻldi (foto)

16:32 06 Yanvar 2020 Jamiyat
577 0

“Vatanparvarlik oyligi” hamda yaqinlashib kelayotgan 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent harbiy okrugining barcha harbiy qism va muassasalarida harbiy-vatanparvarlik tadbirlari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlib oʻtmoqda.

Toshkent harbiy okrugi Qoʻmondonligi tomonidan viloyatining Nurafshon shahrida oʻtkazilgan Harbiy-vatanparvarlik festivali ham koʻpchilikning yodida uzoq vaqtgacha muhrlanib qoladigan boʻldi. Bayramona uchrashuvda Nurafshon shahri aholisi va yoshlari, maktab oʻquvchilari, turli tashkilot mutasaddi vakillari ishtirok etdi.

Bir guruh harbiy xizmatchilarning “Vatanga qasamyod” matnini baland va magʻrur ovozda oʻqishi koʻngillarni joʻshtirib yubordi.

Festival davomida barcha yigʻilganlar uchun harbiy qurol-yaroqlar va jangovar texnikalar namoyishi boʻlib oʻtdi. Ayniqsa, bolajonlar doim kinofilmlarda koʻrib yuradigan qurollarni, zirhli texnikalarni oʻz koʻzlari bilan koʻrib, hayratga toʻlishdi.

Chirchiq garnizoni Maʼnaviyat va maʼrifat markazining harbiy arkestr hamda ansambli jamoasi tomonidan ijro etilgan kuy-qoʻshiq va raqslar yuraklargacha yetib bordi.

Tadbirning eng maroqli lahzalari shubhasiz faxriy qorovul chiqishlari hamda qoʻl jangi namoyishlari boʻldi, desak yanglishmagan boʻlamiz. Oʻsha onlarda oʻnlab bolalarning qalbida harbiy xizmatga boʻlgan muhabbat uygʻongan boʻlsa ajabmas.

Uchrashuv davomida soʻz olganlar barchani mardlik va jasorat bayrami bilan qutlab, kelgusi faoliyatlarida ulkan zafarlar yor boʻlishini tilashdi.

Toshkent harbiy okrugi Matbuot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?