Toshkent davlat yuridik universitetida “Elektron universitet” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi

11:29 18 Mart 2019 Jamiyat
269 0

Toshkent davlat yuridik universitetida 2019-2020 yillar davomida maxsus innovatsion loyiha amalga oshirilib, uning natijasida “Elektron universitet” platformasini yaratish orqali yuridik taʼlim olishga boʻlgan imkoniyatlarni kengaytirish koʻzda tutilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi maʼlum qildi.

Oʻtkazilgan xalqaro tanlovda gʻolib deb topilgan ushbu loyiha uchun Jahon banki tomonidan Akademik innovatsiyalar fondi granti doirasida 140 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratiladi. Grant loyihasini amalga oshirish natijasida eng zamonaviy va innovatsion ilmiy, oʻquv elektron dasturlarini yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, “Elektron universitet” platformasi doirasida “Elektron tadqiqot”, “Elektron taʼlim”, “Elektron pedagog”, “Elektron talaba”, “Elektron kutubxona”, “Elektron huquqiy targʻibot” kabi dasturlarni yaratish va yagona global platformaga birlashtirish orqali universitet resurslaridan istalgan nuqtadan bemalol, ortiqcha qiyinchiliklarsiz foydalanish, taʼlim olish jarayoniga eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabilar koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkent davlat yuridik universitetida loyiha doirasida jahonning eng nufuzli xalqaro ilmiy markazlari mutaxassis va ekspertlarini jalb etish hamda dunyodagi eng mashhur universitetlarda mavjud boʻlgan innovatsion tadqiqotlar olib borish uchun forsayt-markazni tashkil etish orqali Oʻzbekistonda yuridik fanni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?